11:33 / 08.11.2022
6016

Ummon O‘zbekistonda sim-kartalar ishlab chiqarishni boshlashi mumkin

O‘zbekiston elchixonasida Ummonning Al Mawakab National Trading & Construction LLC (MNT) kompaniyasi bosh menejyeri Syu Yuxang bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Dunyo

MNT 2007 yilda tashkil etilgan bo‘lib, yirik inshootlar, transport-logistika markazlari, suv va elektr stansiyalarni ishga tushirish kabi turli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Kompaniya binolarda zamonaviy monitoring tizimlarini yaratish, dasturiy axborot-kommunikatsiyalar ishlab chiqishda ilg‘or tajribaga ega.

Suhbat davomida Farg‘ona viloyati investitsion salohiyati, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida fikr almashildi. Syu Yuxang Farg‘ona viloyatini respublikada aholi soni bo‘yicha yetakchi hududlardan biri ekanini inobatga olgan holda, mazkur hududda axborot texnologiyalarini rivojlantirish uchun qulay sharoit mavjudligini ta’kidladi. Viloyatdagi o‘rta ta’lim muassasalarida zamonaviy o‘qitish tizimini joriy etish va raqamli texnologiyalar markazlarini yaratish bo‘yicha qiymati 3 million AQSh dollari bo‘lgan loyiha taqdimoti bilan tanishtirdi.

Kompaniya menejyeri mazkur loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan holda kelgusida keng imkoniyatlarga ega sim-kartalar ishlab chiqaruvchi korxonani ishga tushirish, savdo-iqtisodiy sohani muvofiqlashtiruvchi elektron dasturni yo‘lga qo‘yish, Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida logistika markazini barpo etish kabi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.

Top