09:50 / 09.11.2022
7167

“O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi 2022 yilning 9 oylik faoliyati yakunlarini sarhisob qildi

Foto: O‘zbekinvest

2022 yilning 9 oyida “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasining umumiy yig‘imlari 2021 yilning shu davriga nisbatan 186 foizga oshib, 447,6 milliard so‘mni tashkil qildi. Ta’kidlash joizki, to‘lovlar o‘sishining bunday ijobiy dinamikasi ko‘p jihatdan xalqaro sug‘urta va qayta sug‘urta bozorida sug‘urta operatsiyalarining rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘ldi. 306,9 milliard so‘m (27,9 million AQSh dollari) miqdorida qayta sug‘urta mukofotlarining yalpi yig‘ilishi ta’minlandi, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar ko‘pdir. Shu bilan birga, kompaniyaning sug‘urta portfelidagi sug‘urta xizmatlari eksportining ulushi 68,6 foizni tashkil etdi.

Kompaniyaning xalqaro sug‘urta bozoriga chiqishida Allianz SE (Germaniya), Zurich Insurance Group (Shveytsariya), Tokio Marine & Nichido Fire Insurance Co (Yaponiya), AXA (Fransiya), People Insurance Company of China (Xitoy), Korean Resurance Company (Janubiy Koreya), Marsh (AQSh), AON va UIB (Buyuk Britaniya) kabi yetakchi transmilliy sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari hamda sug‘urta brokerlari va jahon sug‘urta bozorining boshqa asosiy ishtirokchilari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik muhim rol o‘ynadi.

Asosiy miqdoriy ko‘rsatkichlar

1. Milliy tovar va xizmatlar eksportchilarining sug‘urta qoplamasi – 1,52 milliard AQSh dollari (2021 yilning 9 oyiga nisbatan o‘sish 122 foiz)

2. Korporativ segmentda sug‘urta mukofotlarini yig‘ish – 103,9 mlrd so‘m (2021 yilning 9 oyiga nisbatan 129 foizga o‘sish)

3. Jismoniy shaxslarni sug‘urtalash segmentida badallar yig‘imi – 43,7 mlrd so‘m (2021 yilning 9 oyiga nisbatan o‘sish 116 foiz), 546 mingdan ortiq shartnomalar tuzildi.

Bundan tashqari, 2022 yilning 9 oyi ichida 52,9 milliard so‘m miqdorida sug‘urta to‘lovlari to‘lanishi ta’minlangan bo‘lsa, milliy eksportyorlarga 4,35 milliard so‘m sug‘urta tovonlari to‘langan.

Kompaniyaning milliy va xalqaro maydondagi maqomi

2022 yil mart oyida kompaniyaning xalqaro kredit reytingi A.M. Best Company (AQSh) tomonidan yana bir bor “BB” darajasida“Barqaror” prognozi bilan tasdiqlandi. Shu bilan birga, “O‘zbekinvest” eng yuqori reyting sohibi va O‘zbekistonda ushbu agentlikdan xalqaro reytingni olgan birinchi tashkilotga aylandi.

21 may kuni O‘zbekiston Marketing Assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan Makon Marketing Forum IV yillik biznes-forumida “O‘zbekinvest” kompaniyasi “Yil brendi” mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, kompaniya “Sug‘urta bozori yetakchisi” nominatsiyasi sohibi bo‘ldi.

“O‘zbekinvest” – o‘z xodimlarini rivojlantirish yo‘lida

“O‘zbekinvest” kompaniyasi rahbariyati xodimlarning kelgusida soha rivojiga xizmat qiladigan turli o‘quv loyihalarida ishtirok etishini doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Yil davomida eng yaxshi ish natijalarini ko‘rsatgan 28 nafar tuman bo‘limlari boshliqlari Praga shahridagi G‘arbiy Bogemiya universitetida (Chexiya) malaka oshirish kurslarini tamomladilar. Shuningdek, A.M. Best Company (AQSh) ma’lumotlariga ko‘ra dunyoning o‘nta yirik qayta sug‘urtalovchilaridan biri bo‘lgan Korean Resurance Company kompaniyasida malaka oshirish kurslari va tajriba almashish uchun 15 nafar hududiy filial rahbarlari Seulga (Janubiy Koreya) yuborildi.

Rivojlanishning istiqbolli rejalari.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Inson manfaatlarini ta’minlash va mahalla taraqqiyoti yili”da belgilangan vazifalarga muvofiq “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi tomonidan "mahallabay"  yangi xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekistonning mahalla va aholi punktlarida aholining keng qatlamlarining sug‘urta himoyasini ta’minlash maqsadida 25,5 trln so‘m hajmida 320 ming sug‘urta polislari sotildi.

Xususan, 267,5 nafar mahalla fuqarolarining ko‘char va ko‘chmas mulklari jami 11 trillion so‘mlik majburiyatlari bo‘yicha sug‘urta himoyasi bilan ta’minlandi, 41,6 ming nafar mahalla fuqarolarining, jumladan, qariyalarning sog‘lig‘i kasalliklar va baxtsiz hodisalardan 193,9 milliard so‘mlik majburiyatlari bo‘yicha sug‘urta qilindi.

Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlar doirasida 1 ming 800 dan ortiq oilaviy tadbirkor va tadbirkor ayollarning moliyaviy manfaatlari 62,5 milliard so‘mlik majburiyatlar sug‘urta himoyasi bilan ta’minlandi.

2023 yilgacha “O‘zbekinvest” kompaniyasini tahlil qilish, xavflarni baholash, qarorlar qabul qilish va hujjatlarni rasmiylashtirishning barcha asosiy jarayonlarini sun’iy intellekt texnologiyasi asosida to‘liq raqamli formatda ishlaydigan raqamli kompaniyaga aylantirish bo‘yicha tizimli ishlar boshlandi.

 “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi AJ axborot xizmati Ⓣ

Top