19:01 / 14.11.2022
44809

Abdulla Aripov O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara bitimi tafsilotlarini ma’lum qildi

14 noyabr kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov «O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihalari yuzasidan axborot berdi.

Hukumat rahbarining ma’lum qilishicha, qo‘shni Qirg‘iziston bilan kelishilmay qolgan 35 uchastka – jami 302 km chegaralar bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilgan. Bitim ustida 5 yildan oshiq vaqt davomida ishlanib, yakuniy to‘xtamga kelingan.

Unga ko‘ra, quyidagicha yerlar almashinuvi taklif qilinmoqda:

– Qirg‘iziston hududidagi Andijon suv omborining hududi 4 ming 957 gektarni tashkil qiladi. O‘zbekiston suv ombori o‘rniga Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Oshaxo‘r uchastkasidan 1 ming 19 gektar yaylov yer maydoni berishni taklif etmoqda;

Shuningdek, suv ombor va to‘g‘onga xizmat ko‘rsatish uchun yana 19 gektar maydon Qirg‘iziston hududidan O‘zbekistonga o‘tkazilyapti. Suv omboridan qirg‘izistonliklar ham ayrim maqsadlarda foydalanishiga ruxsat beriladi.

«Andijon suv ombori qurilgan SSSR davrida O‘zbekiston chap qirg‘oqdan 200 kilometrdan uzunroq kanal qurish majburiyatini olgan edi. Lekin u qurilmay qolib ketgan. Shu sababli Qirg‘iziston tarafi Burgandi massivida 8 ming gektardan ortiq yerlarni o‘zlashtirmay qolgan.

Ushbu yerlarni kompensatsiya qilish maqsadida oldindan bahsli bo‘lgan Namangan viloyatining Pop va Chust tumanlaridagi «G‘ovasoy» uchastkasidan 12 ming 709 gektar yaylov maydonlarini Qirg‘izistonga o‘tkazib berish taklif qilinyapti», deya Abdulla Aripovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

– Namanagan viloyati Kosonsoy va Chust tumanlari uchun asosiy sug‘orish manbasi bo‘lgan Kosonsoy suv ombori Qirg‘iziston hududidagi 850 gektar maydonda joylashgan. Suv ombori to‘liq O‘zbekiston ehtiyojlari uchun ishlatilib kelinadi. Shu sababli Qirg‘izistonga Namangan viloyati hududidan 477 gektar yer maydoni kompensatsiya sifatida ajratish taklif qilinmoqda. Bundan, Chust tumanidan ajratishi taklif qilingan 105 gektar yer maydoni Qirg‘iziston fuqarolari istiqomat qilib kelgan, bahsli Qoraqo‘rg‘on massivi hisoblanadi.

– Demarkatsiya jarayonida tartibga solinishi talab etilayotgan 10 ta uchastka bo‘yicha Qirg‘iziston tarafidan O‘zbekistonga 429 gektar yer maydoni olinmoqda. Buning o‘rniga O‘zbekiston vodiy viloyatlari hududidan 294 gektar maydonni berish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Bosh vazirga ko‘ra, So‘x tumani bo‘yicha ham alohida kelishuvga erishildi. Xususan, Chashma bulog‘idan foydalanishni tartibga soluvchi hamda ikki mamlakat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda hukumatlar o‘rtasida alohida kelishuv imzolanadi.

Abdulla Aripov ushbu kelishuv imzolanishi natijasida chegara masalasida bahsli nizolar to‘liq o‘z yechimini topishini, shuningdek, chegaralar daxlsizligi ta’minlanib, chegara hududlarda qonli to‘qnashuvlar kelib chiqishining oldi olinishini ta’kidladi.

«Keskinlikka barham berilishi qardosh xalqlar aloqalarini tiklaydi, suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha uzoq muddatli mintaqaviy bitim imzolanishiga erishiladi. Shuningdek, 8 mingga yaqin fermerlar barqaror suv ta’minotiga ega bo‘lishadi.

Transport-kommunikatsiya muammolari hal bo‘ladi va yer ajratish bo‘yicha sobiq ittifoqdan bizga meros bo‘lib qolgan majburiyatlar to‘liq bajariladi», deydi hukumat rahbari.

Majlisda deputat Doniyor G‘aniyev ikki tomondan yer maydonlarini almashish masalasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan izoh so‘radi.

Aripovga ko‘ra, 5 ming gektarga yaqin suv ombor uchun O‘zbekiston tarafi hozir 1 ming gektar yer bermoqda. Qolgan 4 ming gektardan ortiq yer maydonlari esa sobiq ittifoq davrida (1970-yillarda) O‘zbekiston tomonidan kompensatsiya sifatida berilgan.

«Arxiv hujjatlarini o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, sobiq ittifoq davrida O‘zbekiston tomonidan 200 kilometrdan ortiq Kampirobod chap qirg‘oq kanalini qurib berish majburiyati olingan. Afsuski, har xil sabablar bilan ushbu kanal qurilmay qolib ketgan. Aynan shu majburiyat bajarilmagani sababli, katta miqdordagi 8 mingdan 18 ming gektargacha bo‘lgan yer maydonlari o‘zlashtirilmasdan qolgani Qirg‘iziston tomonidan uzoq yillar davomida ta’kidlab kelingan.

Agar Andijon suv omboridan Qirg‘izistonning Botken viloyatigacha ushbu kanal va qo‘shimcha gidrotexnik inshootlarni qurib beradigan bo‘lsak, respublikamiz budjetidan ko‘p mablag‘ talab etiladi. Bundan tashqari, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi 20 dan ortiq aholi punktlarini ko‘chirishga majbur bo‘lamiz.

Eng achinarlisi, 2 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan yer maydonlarini yo‘qotishimiz mumkin edi. Shu bois, Namangan viloyatining Pop va Chust tumanlaridagi «G‘ovasoy» uchastkasidagi tog‘li hududdan 12 ming 700 gektar atrofida yaylov yer maydoni kompensatsiya tarzida berilishi taklif etilmoqda.

Namangan viloyatidan saylangan deputatlarimizning xabari bor, taklif etilayotgan «G‘ovasoy» uchastkasining 6 ming gektari bahsli hudud bo‘lib, amalda Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan foydalanib kelinmoqda. Hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, 8 ming gektardan ortiq o‘zlashtirilmagan qishloq xo‘jaligi yer maydoni uchun 12 ming 700 gektar yaylov maydonini taklif qilyapmiz.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, hozirda amaliyotda chegara bo‘yicha muhokamalarda o‘rtacha bir gektar ekin yeri uchun 2,5 barobar ko‘p yaylov yeri berish qo‘llab kelinmoqda. Taklif etilayotgan qonun loyihasida 19,5 ming gektar emas, balki 13 ming 719 gektar yaylov yer maydonlarini kompensatsiya tariqasida Qirg‘iziston tomoniga ajratilishi nazarda tutilmoqda (4 ming 127 gektari oldin berilgan)», degan bosh vazir.

Bosh vazir bitimni ikki tomonlama ratifikatsiya jarayonlari yakunlangach, har bir kelishilgan hudud bo‘yicha alohida ishlar olib borilishini ma’lum qildi.

«Maydonlar o‘rtasidagi tafovut O‘zbekiston o‘z zimmasiga avval olgan majburiyatlari hisobiga yuzaga kelgan. Biz bu tafovutni pulga ham chaqib ko‘rdik, lekin moddiy nuqtai nazardan qiyin raqamlar chiqib ketyapti.

Delimitatsiya va demarkatsiya jarayonlaridan keyin chegaraning o‘z himoya hududlari tashkil qilinishi kerak bo‘ladi. Bizning dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, taxminan 130 ta xonadonni ko‘chirish mo‘ljallangan. Ularga 50 milliard so‘m atrofida kompensatsiya ajratish reja qilingan. Ular xohlasa pul oladi yoki tayyor uy oladi, biror odam norozi bo‘lmaydi. Bu prezidentning shaxsiy nazoratida», degan Aripov. 

Deputatlar ikkala qonun loyihasini uch o‘qishda qabul qildi, qonunlar senatga yuboriladi.

Top