12:00 / 14.11.2022
10195

Abduqodir Toshqulov: Endigi vazifa ta’limda sifatga erishish

Yodingizda bo‘lsa, vazir A.Toshqulov yangi o‘quv yili oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalari soni qariyb 3 barobarga oshgani, endigi asosiy vazifa ularda ta’lim sifatini ta’minlash ekanini ta’kidlagan edi. Kuni kecha respublikaning yetakchi 8 ta oliy ta’lim muassasasi nufuzli xalqaro reytinglardan munosib o‘rin egallashi ta’lim sifatidagi o‘zgarishlarning amaliy isboti bo‘ldi.

Shundan roppa-rosa 2 oy o‘tib, respublikaning yetakchi 8 ta oliy ta’lim muassasasi TOP-1000 talik ro‘yxatdan munosib o‘rin egalladi. Bu esa ta’lim sifatidagi o‘zgarishlarning amaliy isbotidir.

Bugungi kunda oliy ta’lim muassasasi sifatini oshirish, xalqaro maydonda raqobatbardoshligini ta’minlash, shuningdek, jahonning TOP-universitetlari qatoridan munosib o‘rin egallashi so‘zsiz xalqaro reytinglardagi faol ishtiroki bilan bevosita bog‘liq.

Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan agentliklar, ya’ni Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish belgilangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 60-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 47-maqsadida ham 2026 yilga qadar 10 ta salohiyatli oliy ta’lim muassasasini QS va TNE xalqaro reytinglarga kirishga tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Ushbu vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Oxirgi yillarda olib borilayotgan islohotlar natijasini bugun oliy ta’lim muassasalarining nufuzli xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashida ko‘rish mumkin. Xususan, 8 noyabr kuni QS Asia University Rankings-2023 (Osiyo universitetlar reytingi) reyting natijalari e’lon qilindi. Ushbu reyting dunyo bo‘yicha Sharqiy, Janubi-Sharqiy va Markaziy Osiyo davlatlari universitetlarini akademik mavqe, ish beruvchilar orasidagi ko‘rsatkichi, fakultetdagi talabalar nisbati, ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar, xalqaro talabalar soni, xalqaro xilma-xillik hamda iqtiboslik bo‘yicha baholaydi.  

Reytingda 23 ta davlatdan jami 760 ta universitet ishtirok etib, respublikamizning 8 ta oliy ta’lim muassasasi ular orasidan munosib o‘rin egalladi. Quvonarlisi, «TIQXMMITI» Milliy tadqiqot universiteti hamda O‘zbekiston milliy universiteti kuchli 500 talik universitetlar qatoridan joy oldi.

Shuningdek, Times Higher Education tashkilotining eng nufuzli «World University Rankings», ya’ni Jahon universitetlar reytingi yoki xalq tili bilan aytganda, TOP-1000 universitetlar reytingida ham respublikamiz OTM o‘z o‘rinlarini yaxshilab borayotganligining guvohi bo‘lmoqdamiz. Jumladan, 2021 yilda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalaridan 10 tasi ushbu reytingga nomzod sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu ro‘yxat deyarli 3 barobarga oshib, 28 tani tashkil etdi. Bugungi kunda esa, mazkur ro‘yxatdagi bir nechta oliy o‘quv yurtlarini kuchli mingtalikka kiritish yuzasidan tizimli ishlar davom etmoqda.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniyaning eng nufuzli xalqaro reyting tashkilotlaridan biri QS (Quacquarelli Symonds) bilan yaqindan olib borilayotgan ishlar natijasida 2021 yilda rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari reytingida ilk bor O‘zbekistonning 4 ta oliy ta’lim muassasasi, joiriy yilda esa QS xalqaro reyting agentligi tomonidan yuritiladigan dunyo universitetlarining «Fan sohalari» reytingida («Subject Rankings») O‘zbekiston milliy universiteti «Matematika» sohasida erishgan natijasi bo‘yicha dunyoning kuchli 500 talik qatoridan (451-500 o‘rin) o‘rin egalladi.

Ushbu tashkilot kuni kecha “QS Stars” reytingi natijalarini ham e’lon qildi. Unga ko‘ra esa, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib Toshkent davlat yuridik universiteti 4 yulduzli oliygoh sifatida baholandi.

Shuni ta’kidlash lozimki, oliy ta’lim muassasalari faqatgina QS va THE tashkilotlarining reytinglari bilan cheklanib qolmasdan boshqa tashkilot reytinglarida ham faol ishtirok etmoqda.

Misol tariqasida, WURI ya’ni,«World’s Universities with Real Impact» xalqaro reytingi AQSh, Osiyo, Yevropa va Afrika davlatlarining eng nufuzli universitetlari tomonidan tashkil etilgan global reyting bo‘lib, u jahon universitetlaridagi eng sifatli va foydali bo‘lgan ilmiy-innovatsion loyihalar soni hamda ularning jamiyat va oliy ta’lim muassasalariga ta’sirini baholab beruvchi tashkilot hisoblanadi.

WURI reytingi universitetlarni 6 ta yo‘nalish bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar orqali baholaydi. Bular sanoat dasturlari, yangi startap dasturlari va tadbirkorlik, axloqiy qadriyatlar, talabalarning harakatchanligi va faolligi, inqirozni boshqarish va to‘rtinchi sanoat inqilobidir.

Ushbu reytingning 2022 yil uchun e’lon qilingan natijalariga ko‘ra, Fourth Industrial Revolution yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universiteti (33-o‘rin) va O‘zbekiston milliy universiteti (38-o‘rin) TOP-50 talik ro‘yxatga kirdi.

Ushbu reytinglardagi ko‘rsatkichlarning ahamiyati shundaki, bu birinchidan, xorijiy talaba va professor-o‘qituvchilarni yurtimizdagi oliygohlarga ko‘proq jalb qilish imkonini bersa, ikkinchidan ta’lim muassasalarining jahon ta’lim maydonida nufuzli universitetlar bilan raqobat olib borish imkoniyatini yaratadi.

Bu va boshqa erishilayotgan natijalar yuqorida belgilangan asosiy vazifaga erishishda bosilayotgan ishonchli qadamlar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ishonamizki, yaqin yillar davomida bir nechta oliy ta’lim muassasalarimiz jahon reytingidan ham munosib o‘rin egallashga erishadi.

Reklama huquqi asosida

Top