12:50 / 14.11.2022
34814

O‘zbekistonda hafta davomida harorat pasayishi kutilmoqda

O‘zbekistonga Volgabo‘yidan sovuq havo massalari kirib keladi. Ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi hududlarda qorga aylanishi mumkin. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkin. Hafta oxirida Eron hududlaridan iliq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda,

Foto: Kun.uz

«O‘zgidromet» markazi hafta davomida — 14 noyabrdan 18 noyabrgacha bo‘lgan davrdagi ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.

Dushanba kuni O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyatida atmosfera fronti o‘tishida yomg‘ir yog‘adi, Buxoro, Navoiy viloyatlarida esa biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kunduzgi harorat +9…+14 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

15 noyabr kuni O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Volgabo‘yi hududlaridan sovuq havo massalari kirib kelishida Qoraqalpog‘istonning ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi, Ustyurtda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoldan xoli emas. Havo harorati me’yor atrofida saqlanib turadi.

16 noyabrda sovuq havo massasi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi havo harorati +5…+7 daraja iliqqacha pasayadi, bu ushbu kunning me’yoridan +8…+0 darajaga pastdir.

17 noyabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi, lekin sovuq havo massasining ta’siri saqlanib turadi. Havo harorati kechasi –0…–2 daraja sovuqgacha pasayadi, kunduzi quyosh hisobiga +8…+10 daraja iliqqacha isiydi.

18 noyabrda O‘zbekiston hududiga Eron hududlaridan iliq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Hafta davomida respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.

14–15 noyabr kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 17–22 m/s.gacha kuchayadi, Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Jizzax viloyatlarining ayrim joylarida shamolning kuchayishi 25–28 m/s.ga yetishi mumkin.

Shuningdek, 14–18 noyabr kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, 15–16 noyabrda Toshkent, Qashqadaryo, Namangan viloyatlarida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin, buning hisobiga tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Mavzuga oid
Top