07:18 / 16.11.2022
7639

1 yanvardan ayrim yangi bog‘lar va tokzorlarga nisbatan soliq imtiyozlari tatbiq etilmaydi

Foto: Kun.uz

“Intensiv qishloq xo‘jaligiga o‘tishni rag‘batlantirish va ta’sirchan soliq mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon loyihasi e’lon qilindi.

Amaldagi soliq qonunchiligiga muvofiq:

  • yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar, daraxtlar qator oralaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun foydalanilishidan qat’i nazar - besh yil muddatga;
  • suvni tejaydigan (tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret va boshqa) sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan yerlar — suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan oy boshidan e’tiboran besh yil muddatga yer solig‘i bo‘yicha soliq solinmaydigan yer uchastkalari jumlasiga kiritilishi belgilangan.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

  • 2023 yil 1 yanvardan boshlab yangi barpo etilayotgan bog‘lar va tokzorlar, baliq yetishtirish (o‘stirish) uchun mo‘ljallangan sun’iy suv havzalari intensiv usulda barpo etilmagan taqdirda, ularga nisbatan soliq imtiyozlari tatbiq etilmaydi;
  • 2025 yil 1 yanvardan boshlab intensiv usulda barpo etilmagan bog‘lar va tokzorlar, baliq yetishtirish (o‘stirish) uchun mo‘ljallangan sun’iy suv havzalari joylashgan yer uchastkalari normativ qiymatini aniqlashda, intensiv usulda barpo etilgan bog‘lar va tokzorlar, baliq yetishtirish (o‘stirish) uchun mo‘ljallangan sun’iy suv havzalari hosildorligi hisobga olinadi.

Bunda, yer solig‘i bo‘yicha ta’sirchan soliq mexanizmlari mazkur hosildorlik hisobga olish natijasida aniqlangan normativ qiymatidan kelib chiqib qo‘llaniladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

  • intensiv usulda barpo etilgan bog‘lar va tokzorlar, baliq yetishtirish (o‘stirish) uchun mo‘ljallangan sun’iy suv havzalaridan olinadigan hosildorlik normativini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
  • manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ‑huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.
Top