08:16 / 16.11.2022
6547

«Drujba» quvuri orqali Yevropaga neft yetkazib berish qisman to‘xtatildi

Vengriya va Slovakiyadagi «Drujba» quvurining operatorlari neftni quyish to‘xtatilganini e’lon qilishdi. Chexiya va Polshada yetkazib berishda uzilishlar yo‘q.

Foto: RBK

15 noyabr, seshanba kuni «Drujba» quvuri orqali Sharqiy va Markaziy Yevropaning ayrim hududlariga neft yetkazib berish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda quvurning Vengriya va Slovakiya uchastkalari operatorlari xabar berdi.

Vengriyaning MOL shirkati Ukraina neft quvurlari tizimi operatorining tushuntirishlariga ishora qilib, «Rossiya artilleriyasi Ukrainaning Belarus bilan chegarasi yaqinidagi "Drujba" neft quvuri nasos stansiyasini elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan transformator stansiyasini o‘qqa tutgani»ni bildirdi. Bu, kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, xomashyoni olish jarayonini to‘xtatishga olib keldi.

Slovakiyaning Transpetrol kompaniyasi quvur orqali neft yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilganini tasdiqladi va buni «Ukraina tomonining texnik sabablari» bilan izohladi, biroq buni raketa hujumi bilan bog‘lamadi. «Yetkazib berishning to‘xtatilishi sababi hali Ukraina tomonidan rasman tasdiqlanmagan», — deyiladi Transpetrol bayonotida. Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, 16 noyabrgacha «Drujba»ning yopilishi sabablari haqida ko‘proq ma’lumot olishni kutmoqda.

Shu bilan birga, MERO Chexiya uchastkasining operatori "Drujba" orqali neft yetkazib berishda hech qanday uzilishlar qayd etmadi, dedi kompaniya vakili. Polshaning PERN operatori ta’kidlashicha, quvurning Polsha qismi orqali neft yetkazib berish normal rejimda amalga oshirilmoqda.

Avvalroq Ukraina Rossiyaning «Transneft» kompaniyasini kuchlanish pasayganligi sababli Vengriya yo‘nalishi bo‘yicha «Drujba» orqali neft berishni to‘xtatgani haqida xabar bergan edi, deb yozmoqda TASS va RIA «Novosti» «Transneft» vakiliga tayanib.

«Drujba» neft quvurining to‘xtatilishi munosabati bilan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 15 noyabr kuni kechqurun Mudofaa kengashini chaqirdi. «Drujba» orqali neft oqimining to‘xtatilishi va Polsha hududiga raketa hujumiga javoban bosh vazir Viktor Orban Mudofaa kengashini chaqirdi», — deb yozdi hukumat matbuot kotibi Zoltan Kovach Twitter'da.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top