10:48 / 16.11.2022
45547

Surxondaryoda harbiy xizmat o‘tayotgan askar vafot etdi

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, yurak kasalligi bo‘yicha shoshilinch operatsiya o‘tkazilganidan so‘ng askarda biologik o‘lim qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Termizda harbiy xizmat o‘tayotgan qarshilik yigit vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Mudofaa vazirligi hodisa tafsilotlarini ma’lum qildi.

“Termizdagi harbiy qismlarning birida xizmat qilayotgan oddiy askar K.Q. sog‘ligi bo‘yicha shikoyat qilgani sababli 11 noyabr kuni Markaziy harbiy klinik gospitalga yotqizilgan.

Tibbiy tekshiruvlar natijasida bemor K.Q.da “yurakning o‘ng bo‘lmachasida kontrast to‘ldirish defekti (tromb), ko‘ks oralig‘ida hajmli hosila, ikki tomonlama gidrotoraks” aniqlangan. 14 noyabr kuni bemor shoshilinch ravishda “American Hospital” klinikasiga kardioxirurg konsultatsiyasiga olib borilgan.

Bemor hayoti uchun tashxis va jarrohlik operatsiyasi o‘ta xavfli hisoblanadi. Ammo hayotiy ko‘rsatmalarga asosan jarrohlik operatsiyasini bajarish lozimligi sababli klinikada gospital mutaxassislari ishtirokida jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilgan.

Bemorning umumiy ahvoli o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyasiga mos ravishda og‘irligicha qolgan. O‘tkazilgan reanimatsion chora-tadbirlarga qaramasdan bemorda biologik o‘lim qayd etilgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Avvalroq Qashqadaryoda xizmat burchini o‘tayotgan 18 yashar askar uyiga tobutda qaytgandi. Marhumning ota-onasi Kun.uz’ga bergan intervyusida farzandlarining o‘limi bilan bog‘liq talay savollar ochiq qolayotganini aytishgandi.

Toshkent viloyatidan harbiy xizmatga chaqirilganidan 50 kun o‘tib vafot etgan askarning o‘limi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Sud tibbiy ekspertizasi komissiyasiga ko‘ra o‘lim traxeobronxomalyatsiya deb nomlanuvchi tug‘ma kasallik va o‘tkir nafas yetishmovchiligi natijasida ro‘y bergan. Harbiy prokuratura Ruslan Qidiraliyevning o‘limida biror bir shaxs aybdor emas deb topgan.

Mavzuga oid
Top