18:27 / 17.11.2022
24162

Qozog‘istonlik ayol qo‘lida chaqaloq bilan taksi haydayotgani ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi

Instagram foydalanuvchisi Qozog‘iston poytaxti Ostonadagi taksi safari haqidagi g‘aroyib voqea bilan o‘rtoqlashdi. Video ijtimoiy tarmoqlarning qozoq segmentida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Foto: Videodan kadr

Qozog‘istonlik erkakning videosi ijtimoiy tarmoqlarning qozoq segmentida tezkor tarqaldi. Video muallifining aytishicha, u Ostonada taksi chaqirgan va haydovchi yosh bolali ayol ekanini ko‘rib, hayron qolgan.

«Oldingi yo‘lovchi o‘rindig‘ida chaqaloq yotardi. Besh daqiqadan so‘ng chaqaloq yig‘lay boshladi. Ayol shoshib qolmadi. U bir qo‘li bilan rulni ushlab, ikkinchi qo‘li bilan chaqaloqni ko‘tarib, emizishni boshladi. Tez orada bola tinchlandi», deb yozdi u.

Post muallifi ayol bilan suhbatlashib, chaqaloq endigina besh oylik ekanini, uni otasiz tarbiyalayotganini bilib olgan. Shuningdek, ayol ertalab soat yettidan tushgacha taksi haydashini, keyin kechki ovqatdan keyin yana rulga o‘tirishini aniqlagan.

«Hammaning taqdiri har xil. Balki uning qarzlari bordir. Uning bu ahvoli adolatlimi? Chaqaloq munosib fuqaro bo‘lib ulg‘ayishini tilayman», deb yozdi muallif.

Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Qozog‘iston politsiyasi ayolning shaxsini aniqlagan (uning ismi Asel) va bu qilmishi yo‘l-harakati xavfsizligi qoidalariga zid ekani haqida profilaktik suhbat o‘tkazgan.

«Poytaxt politsiyasi tomonidan haydovchining shaxsi aniqlandi. U bilan bolalarni tashishda qo‘yilayotgan talablar buzilgani yuzasidan profilaktik suhbat o‘tkazildi», — deyiladi politsiya boshqarmasi xabarida.

Shuningdek, politsiya xodimlari ayolga bolani ovqatlantirish uchun mo‘ljallangan stulcha sovg‘a qilishgan.

Ushbu video ijtimoiy tarmoqlarning qozoq segmentida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Avvalo, bir guruh faollar ayolni qo‘llab-quvvatlash uchun deyarli 2 million tenge (qariyb 4400 AQSh dollari) yig‘ishga muvaffaq bo‘lishdi.

So‘ngra, «Bіz bіrgemіz» jamoat jamg‘armasi rahbari Perizat Qayrat turli qurilish kompaniyalari bilan bog‘lanib, ayolga uy-joy masalasida yordam so‘radi.

«Aqto‘belik tadbirkor ayol Moldir Suyunshali bilan bog‘landik. U Ostonada shaxsiy uylar quradi. Bir oy oldin u fondimizga yangi turar joy majmuasidan kvartira ijaraga bergan edi. Men Aselga ushbu kvartirani sovg‘a qilishni taklif etdim. U rozi bo‘ldi», dedi Perizat.

Kvartira rasman dekabr oyida Aselga topshiriladi. U besh oylik qizchasi va 12 yoshli o‘g‘li bilan yotoqxonadan unga ko‘chib o‘tadi.

Asel uzoq kutilgan kvartirani olishga yordam bergan barcha qozog‘istonliklarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

«Qanday baxt, ishonmayman. Katta rahmat. Haligacha ishonmayman. Bolalarim bilan pod’yezdda tunab qolgan kunlarim bo‘lgan. Kunduzi kvartira qidirardim, kichkina bolalarim bo‘lgani uchun hech kim menga joy ijaraga bermadi. Men juda minnatdorman. Sizdek mehribon insonlarga katta rahmat», - dedi ayol.

Jamg‘arma raisi Perizat so‘zlariga ko‘ra, Asel endi taksichilik qilmaydi. Uning mashinasi Ostona shahar taksi deposiga tegishli va Politsiya departamenti ayol uchun «barcha jarimalarni bekor qilgan».

Top