22:25 / 21.11.2022
42812

Mudhish o‘limga mahkum qilingan askar. Ukraina yollanma jangchini Rossiyaga qaytarishi xalqaro huquqlarga zidmi?

Foto: YURI BUTUSOV/YOUTUBE

12 noyabr kuni Rossiyaning urush tarafdori bo‘lgan telegram-kanallarida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchisi, Ukrainaga asir tushgan va mahbuslarni almashish doirasida ortga qaytarilgan Yevgeniy Nujinning shafqatsizlarcha qatl etilgani aks etgan video tarqaldi. Nujin oldinroq, asirlikda paytida ukrainalik jurnalistlarga intervyu berib, Kiyev tarafida turib urishishga tayyorligini aytgandi. U Rossiyaga qaytarilgach, vagnerchilar Nujinni «xoinligi uchun jazolagan».

«Vagner» yollanma jangchilar kompaniyasi asoschisi va rahbari Yevgeniy Prigojin tarmoqlarda tarqalgan bu videoni «ajoyib rejissyorlik ishi» deb atadi.

«Ushbu shouda (Nujin) Ukrainada baxt topa olmagani, yovuz ammo adolatli odamlar bilan uchrashgani ko‘rinib turibdi», deya yozadi unga aloqador bo‘lgan «Konkord» kompaniyasi matbuot xizmati.

Nujin asirlar almashuvi doirasida Rossiya kuchlari joylashgan hududga qaytgan. Bu haqda Gulagu.net inson huquqlari loyihasi va anonim VChK-OGPU telegram-kanali xabar bergan. Keyinroq bu ma’lumotni Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham tasdiqladi.

Ukraina Rossiyaga faqat o‘zi buni xohlaydigan mahbuslarni qaytarishga va’da bergan

Rossiya Federatsiyasida safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng, Volodimir Zelenskiy rus askarlarini ixtiyoriy ravishda taslim bo‘lishga chaqirdi va Ukraina Rossiyaga qaytishni istamagan asirlarni bunga majburlamasligiga va’da berdi.

Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk ham taslim bo‘luvchi rus askarlariga xuddi shunday kafolatlarni taqdim etdi.

«Agar siz Rossiyaga qaytishni istamasangiz, Jyeneva konvensiyalari va Ukraina qonunlariga ko‘ra, hech kim sizning xohishingizga qarshi o‘laroq sizni Rossiyaga qaytarib yubormaydi», degan Vereshchuk.

Ukraina bosh razvedkasi vakili Andrey Yusov ham rus askarlari majburan almashtirilmasligini aytgan.

Ukraina hukumati o‘z va’dasini bajarmoqdami?

Ukraina prezidenti devoni maslahatchisi Mixaylo Podolyakning ta’kidlashicha, Nujin almashinuvga ixtiyoriy rozilik berish bo‘yicha hujjatga imzo qo‘ygan.

«Bizda juda oddiy yondashuv bor. Asirga olingan askar almashuvdan ixtiyoriy ravishda voz kechishi mumkin. Bu qoida bizning qonunlarda belgilangan», degan Podolyak.

Avvalroq, prezident devoni rahbarining yana bir maslahatchisi Aleksey Arestovich Ukraina Yevgeniy Nujinni majburan almashtirgani yoki aksinchaligini bilmasligini aytgandi.

«Bizga qanday e’tiroz bildirilishi mumkin? Aytaylik, u majburan ekstraditsiya qilinishiga qarshi edi, biz esa uni ekstraditsiya qildik. Ammo bunga aniqlik kiritilishi kerak. Shubhasiz, hech kim urush paytida buni aniqlay olmaydi», deydi u.

Shuningdek, Arestovichning aytishicha, Nujin «taslim bo‘lmagan – uni qo‘lida qurol bilan jang maydonida asirga olishgan» (bu Nujinning o‘zi aytgan so‘zlarga zid keladi. U ukrainalik jurnalistlarga bergan intervyusida o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lganini bildirgan).

«Uni bizning hududimizda jangovar topshiriqni bajarayotgan harbiy qism tarkibidagi dushman askari sifatida qo‘lga olishgan», deydi Arestovich.

Uning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi 24 soat ichida yana ikki nafar rossiyalik askar ixtiyoriy ravishda Ukraina tomoniga o‘tib, «Rossiya ozodligi» legionida jang qilish istagini bildirgan.

«Hech kim ularni ortiga qaytarish niyatida emas. Xususan, legionda xizmat qilayotganlarni ham», degan prezident devoni rahbari maslahatchisi.

Davlat dumasi sobiq deputati Ilya Ponomaryov bu borada boshqa versiyani aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nujin Rossiya maxsus xizmatlari agenti bo‘lib, u «Rossiya ozodligi» legioniga kirishi kerak bo‘lgan, ammo poligrafiya tekshiruvidan (arizachidan olingan ma’lumotlar ishonchliligini aniqlash, uning tarjimai holida qanday faktlar yashiringanini tekshirish) o‘ta olmagan. Shundan so‘ng Nujin hibsga olinib, ukrainalik asirlarga majburan almashtirilgan. Ponomaryov Nujinning o‘ldirilishini «propaganda maqsadlari» bilan bog‘lagan.

Xalqaro huquq nuqtayi nazaridan, taslim bo‘lgan va qo‘lida qurol bilan asirga olingan mahbuslar o‘rtasida farq bormi?

Xalqaro huquqda bunday farqni ifodalovchi norma yo‘q, bu mahbusning huquqiy holatiga hech qanday ta’sir o‘tkazmaydi.

Uchinchi Jyeneva konvensiyasiga ko‘ra, «dushman qo‘liga tushgan» barcha kombatantlar qanday qilib qo‘lga olingan bo‘lishidan qat’i nazar, harbiy asirlar hisoblanadi.

Xalqaro gumanitar huquq mantig‘iga ko‘ra, urush zonasida bo‘lgan shaxslar kombatant ham, oddiy fuqaro ham bo‘lishi mumkin. Kombatantlar — urishayotgan tomonlardan birining qurolli kuchlari tarkibida jangovar harakatlarda bevosita ishtirok etayotgan va alohida huquqiy maqomga ega bo‘lgan shaxslardir.

Kombatant maqomiga ega bo‘lgan shaxslarning bunday maqomga ega bo‘lmagan insonlardan eng muhim farqi shuki, kombatantlarni jangovar harakatlarda qatnashganlik fakti uchun jinoiy javobgarlikka tortish mumkin emas. Biroq kombatant harbiy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.

Dushman tomonidan qo‘lga olingan barcha kombatantlar harbiy asirlar hisoblanadi va ularning huquqlari Uchinchi Jyeneva konvensiyasi bilan himoyalangan. Ushbu konvensiyada harbiy mahbuslarni asirlikda saqlash, xat jo‘natish, mehnat qilish va ovqatlantirish shartlari belgilangan.

Kombatantlarni ular buni xohlamasa ham ortiga qaytarish mumkinmi?

To‘g‘ridan to‘g‘ri taqiq yo‘q, ammo ba’zi cheklovlar bor.

Jyeneva konvensiyalarida «asirlarni almashtirish» tushunchasi umuman yo‘q, faqat «reparatsiya» va «ozod qilish» atamalari mavjud. Rasmiy nuqtayi nazardan har qanday asirlarni almashtirish ularni ozod qilish demakdir. Majburiy reparatsiya ham bevosita taqiqlanmagan. 

Konvensiyada «insonlarni asirlikda ushlab turgan mamlakat ‘harbiy asirlarning manfaatlarini hisobga olishiʼ kerakligi haqida ogohlantirish bor.

Ammo bu qoida odamlarni harbiy asirlar lageriga olib kelgandan keyingi harakatlar to‘g‘risidagi bobda mavjud va bu ko‘proq asirlarni ozod qilishni osonlashtirishni nazarda tutadi. Asirlarni ushlab turgan mamlakatdan «ularni vataniga qaytarishda qiyinchiliklarni kuchaytirmaslik» talab etiladi.

Jangovar harakatlar paytida yarador yoki kasal harbiy asirlarni ularning xohishiga qarshi vataniga qaytarish taqiqlangan.

Xususiy harbiy kompaniya («Vagner») a’zolari ham kombatantmi?

Bu qiyin savol. Ular ko‘pincha yollanma askarlar deb ataladi va yollanma askarlar kombatant maqomi va harbiy asirlarning huquqlariga ega emas. Masalan, yollanma askarlarni Ukraina qonunlari va xalqaro huquqqa muvofiq jangovar harakatlarda qatnashish fakti uchun sud qilish mumkin.

Ammo ba’zi hollarda yollanma askarni ham o‘z xohishiga qarshi vataniga qaytarish taqiqlanadi. Kombatant bo‘lmagan yollanma jangchilar avtomatik ravishda oddiy fuqaro kategoriyasiga o‘tadi. Oddiy insonlar esa To‘rtinchi Jyeneva konvensiyasi himoyasidan foydalanadi. Ushbu hujjatning 45 moddasiga ko‘ra, siyosiy yoki diniy e’tiqodlari sabab ta’qib qilinishdan qo‘rqish uchun asosli sabablarga ega bo‘lgan odamlarni vataniga qaytarish mutlaq taqiqlangan.

Ukraina uchun jang qilishga tayyorligini e’lon qilgan Yevgeniy Nujinning bunday ta’qiblardan qo‘rqish uchun asos borligi aniq edi.

Demak Nujinni Rossiyaga qaytarish mumkin emasmidi?

Barchasi juda chigal. Muammo shundaki, xalqaro gumanitar huquq nuqtayi nazaridan, «Vagner»ning aksariyat a’zolari Jyeneva konvensiyasida belgilangan yollanma jangchilar toifasiga mos kelmaydi.

«Vagner»ning ko‘plab askarlari (shu jumladan Nujin) urushayotgan taraflardan birining fuqarolari, shuning uchun ularni yollanma jangchilar deb hisoblash mumkin emas.

Bundan tashqari, Jyeneva universitetining yuridik fakulteti doktoranti Lindsi Kemeron Jyeneva konvensiyalaridagi yollanma jangchilarga berilgan ta’rifni «mutlaqo ishlamaydigan» deb atagan, chunki inson yollanma askar bo‘lishi uchun bir vaqtning o‘zida barcha oltita mezonga javob berishi kerak. Bu esa juda kam uchraydigan holat.

Agar asirlarni hibsga olgan tomon bu shaxslarning yollanma jangchi ekaniga shubha qilsa, xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra, ularning maqomini belgilaydigan «vakolatli sud organi»ni tuzishi kerak. Ukraina bu ishni qilgani yoki qilmagani noma’lum.

«Vagner» jangchilari Rossiya Jinoyat kodeksiga ko‘ra yollanma askar deb hisoblanishi mumkinmi?

Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksida «Vagner» a’zolariga nazariy jihatdan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ikki modda mavjud. Bular 359 va («Yollanish») va 208-modda («Noqonuniy qurolli tuzilma tashkil etish yoki unda ishtirok etish, shuningdek Rossiya Federatsiyasi manfaatlariga zid bo‘lgan maqsadlarda qurolli to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda ishtirok qilish).

359-moddada yollanma jangchiga ta’rif berilgan: «yollanma jangchi moddiy mukofot olish uchun harakat qiladigan va qurolli to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan davlatning fuqarosi bo‘lmagan, shuningdek, bu davlatlar hududida doimiy istiqomat qilmaydigan shaxsdir».

Fuqarolik haqidagi bandga binoan, Ukrainada jang qilayotgan ko‘plab vagnerchilarni yollanma askar deyish mumkin emas. Chunki ularning katta qismi urushda ishtirok etayotgan Rossiya fuqarolari, shu jumladan Nujin ham.

Jinoyat kodeksining 208-moddasiga ko‘ra, noqonuniy qurolli tuzilmada ishtirok etish «Rossiya Federatsiyasi manfaatlariga zid bo‘lgan maqsadlarda amalga oshirilsa» jinoyat hisoblanadi. Lekin hozirgi Rossiya sudi Ukraina bilan urushni davlat manfaatlariga zid maqsad deb hisoblashi dargumon.

Xo‘sh, vagnerchilar kombatantmi yoki yo‘q?

Nazariy jihatdan, «Vagner» a’zolari urishayotgan tomonlardan birining qurolli kuchlari tarkibiga kirmasa ham, kombatantlar deb hisoblanishi mumkin.

Kompaniya otryadi, uning a’zolari Jyeneva konvensiyasining 4A (2) moddasida belgilangan talablarga javob bersa, kombatant maqomiga ega bo‘lishi mumkin.

Buning uchun ular:

— qo‘l ostidagilar uchun javobgar rahbarga ega bo‘lishi;

— o‘ziga xos va uzoq masofadan aniq ko‘rinib turuvchi belgiga egalik qilishi;

— ochiqchasiga qurol ko‘tarib yurishi;

— o‘z harakatlarida urush qonunlari va qoidalariga amalga qilishi lozim.

Ba’zi huquqshunoslarning ta’kidlashicha, ushbu modda dastlab Ikkinchi jahon urushi paytida, partizanlarga harbiy asir maqomini berish uchun yaratilgan. Biroq, hech narsa moddaning ta’sirini faqat shu talqin bilan cheklashga majbur qilmaydi, ya’ni zamonaviy xususiy harbiy kompaniyalar ham ushbu modda talqiniga mos kelishi mumkin.

Ukraina bosh prokurori sobiq o‘rinbosari Gyunduz Mamedov Yevgeniy Nujinni kombatant deb hisoblaydi va unga shu maqomda munosabatda bo‘lish kerak edi deya ta’kidlaydi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti aprel oyidagi hisobotida vagnerchilar Rossiya oldida javobgar bo‘lgan qo‘mondonlik tarkibidagi qurolli guruh a’zolari deb hisoblanishi hamda ular kombatant va harbiy asir maqomiga ega bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi.

Demak, bunday holatda majburiy qaytarish qonuniy bo‘lishi mumkin (Nujin yarador va kasal bo‘lmagan bo‘lsa).

Biroq kombatant deya hisoblanishi uchun «Vagner» a’zolari yuqoridagi to‘rt talabga ham to‘liq javob berishi kerak bo‘ladi. Ammo vagnerchilar bir necha bor xalqaro huquqni buzganlikda ayblangan.

Agar vagnerchilar kombatant maqomiga ega emas deb hisoblasak, ularni o‘zlarining roziligisiz vataniga qaytarish huquqiy nuqtayi nazardan shubhali qarordir. Ukraina prezidenti ofisi esa Yevgeniy Nujin ishida bunday rozilik olinganini ma’lum qilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top