08:04 / 21.11.2022
8203

Saakashvilining tarafdorlari uning xorijda davolanishini talab qilmoqda

Gruziya sobiq prezidentini qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy aksiya tashabbuskori siyosatchining 80 yoshli otasi Nikoloz Saakashvili bo‘ldi. Tadbirda mingga yaqin kishi qatnashdi.

Foto: EPA

20 noyabr, yakshanba kuni Tbilisida Gruziyaning uchinchi prezidenti — Mixail Saakashvilini qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy miting bo‘lib o‘tdi. DW muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, Gruziya hukumati idorasi oldiga yig‘ilgan siyosatchi tarafdorlarining asosiy talabi Saakashvilini xorijga davolanish uchun yuborish bo‘lgan.

Aksiyani shifokorlar uyushtirgan, ular Mixail Saakashvilining tarafdorlaridan siyosiy talablar bildirmaslikni so‘rashgan. DW muxbirining xabar berishicha, tadbirda mingga yaqin odam qatnashgan.

2022 yil may oyi o‘rtalaridan Gruziyaning sobiq prezidenti qamoqxonadagi ikki ochlik e’lon qilish aksiyasi tufayli sog‘lig‘i yomonlashgani uchun Tbilisidagi Vivamed klinikasida yotibdi. Mixail Saakashvili derazalari panjarali palatada va qurollangan qo‘riqchilar nazoratida saqlanyapti.

Shifokorlar fikricha, siyosatchining sog‘lig‘i yomonlashgan va o‘limga yaqin. Ayni paytda, sobiq prezident tarafdorlari Gruziyada kerakli darajadagi mutaxassislar yo‘qligiga ishonch hosil qilishmoqda, shuning uchun rasmiylar Mixail Saakashviliga xorijda davolanish imkoniyatini berishi kerak.

Siyosatchining otasi, taniqli gruziyalik shifokor Nikoloz Saakashvili ham aksiyaga chaqirdi. 18 noyabr kuni u ijtimoiy tarmoqlarda o‘g‘lining tarafdorlaridan «Gruziya mamlakat prezidentlari uchun qassobxonaga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslikni» so‘radi.

Shu kuni Gruziyaning «Empatiya» qiynoq va zo‘ravonlik qurbonlarini psixo-reabilitatsiya qilish xalqaro markazi rahbari Mariam Jishkariani Mixail Saakashvilining sog‘lig‘i holati bo‘yicha o‘z fikrlari tayyor bo‘lganini, uning oilasiga topshirilganini va xorijlik mutaxassislarga yuborilishini aytdi. Shifokorlar bemorga o‘ndan ortiq tashxis qo‘yishdi. Ulardan ba’zilari, Jishkarianining so‘zlariga ko‘ra, og‘ir va qamoqdan ozod qilish mezonlariga javob beradi.

Mixail Saakashvili 29 sentabr kuni yashirincha vataniga qaytib keldi va 2021 yil 1 oktyabrda unga sirtdan chiqarilgan ikki hukm asosida hibsga olindi. Sakkiz yil davomida Gruziyada bo‘lmaganida, u mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblanib, olti yilga qamalgan. Bundan tashqari, unga nisbatan yana uchta jinoiy ish sudda ko‘rib chiqilmoqda. Sobiq prezidentning o‘zi o‘zini siyosiy mahbus deb biladi va ayblovlar uydirma ekanini ta’kidlab keladi.

U hibsga olinganidan so‘ng darhol ochlik e’lon qildi, bu jarayon 50 kun davom etdi va Goridagi harbiy gospitalga o‘tkazilgandan keyingina to‘xtadi. Biroq 21 fevral kuni qamoqxonaga qaytgach, u yana 20 kun davom etgan ochlik e’lon qildi.

19 noyabr kuni siyosatchining advokati Valeriy Gelbaxiani Mixail Saakashvili hibsga olinganidan keyin zaharlanganini ma’lum qildi. U siyosatchining tanasidan topilgan zaharli moddalar sanab o‘tilgan xorijlik ekspertlarning xulosasi asosida shunday fikrga keldi. Mixail Saakashvilining onasi Giuli Alasaniya jurnalistlarga gap og‘ir metallar - simob, bariy va talliy haqida ketayotganini aytdi. Yaqin kunlarda Mixail Saakashvilini xorijiy klinikaga o‘tkazish talabi sudda ko‘rib chiqilishi kerak.

Mavzuga oid
Top