14:01 / 23.11.2022
8639

O‘zbekistonga kelgan turistlar qancha mablag‘ sarflashmoqda?

2019 yilda sayyohlar O‘zbekiston shaharlarida o‘rtacha 195 dollargacha mablag‘ sarflab, 2-3 kun qolishgan bo‘lsa, bu yil sayohatlar davomiyligi 4-5 kunga, sarf-xarajatlar 305 dollargacha oshgan. Bu haqda Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Shuningdek, vazir O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni bo‘yicha statistik raqamlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

“2021 yilda O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni 1 million 880 ming nafarga yetdi. Yanvar oyidan sentabr oyigacha mamlakatimizga kelgan turistlar soni 2021 yilga nisbatan 3 barobar ko‘payib, 3 mln 100 ming kishini tashkil etdi. Bundan tashqari, ichki sayohatchilar soni ham yiliga 3,5 barobar oshib, 7,5 million kishiga yetdi”, – dedi Abduhakimov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, 2023 yilga borib O‘zbekistondagi mehmonxonalar soni 3 mingtaga, undagi xonalar soni esa 50 mingtaga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, vazir 2022 yilda Farg‘ona viloyatidagi qadimiy Qo‘qon shahri “Turkiy dunyo poytaxti” deb tan olingani, 2023 yilda Samarqand jahon sayyohlik poytaxtiga aylanishi hamda Jahon sayyohlik tashkiloti (YuNVTO) Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasiga mezbonlik qilishini ham aytdi.

Top