11:29 / 25.11.2022
14851

Mahalliylashtirish va imtiyozlar. O‘zbekiston elektromobillarga o‘tish tendensiyasini qanday tezlashtirmoqchi?

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillarni utilizatsiya yig‘imidan, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, jihozlari, xomashyo materiallarini bojxona bojidan ozod etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayoni to‘liq yo‘lga qo‘yilguncha investorlarga muayyan miqdordagi elektromobillarni imtiyozli shartlar asosida olib kirishga ruxsat berilishi mumkin.

Foto: AP

Joriy yilning 24 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda elektromobillar tarmog‘ini rivojlantirishga oid bir qancha takliflar muhokama qilindi.

Mutasaddilar tarmoqda ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash zarurligi haqida fikr bildirdi. Jumladan, respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillarni utilizatsiya yig‘imidan, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, jihozlari, xomashyo materiallarini bojxona bojidan ozod etish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayoni to‘liq yo‘lga qo‘yilguncha investorlarga muayyan miqdordagi elektromobillarni imtiyozli shartlar asosida olib kirishga ruxsat berish taklif etilmoqda.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillarini sotib olish uchun olinadigan kredit foizlarining ma’lum bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilmoqda. 2023–2025 yillarda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan korxonalarning elektromobillar xarid qilishi ham qo‘llab-quvvatlanadi. Elektromobillarda yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatuvchi shaxslarga litsenziya uchun davlat boji to‘lashda yengillik beriladi. 

O‘zbekistonda elektromobil ishlab chiqarish uchun kerakli xomashyolardan biri bo‘lgan mis klasterlari tashkil etilayotgani qayd etildi. Bundan foydalanib, ushbu klasterlarda elektromobillar va quvvatlash stansiyalari uchun butlovchi qismlar tayyorlanadi.

Kadrlar tayyorlash doirasida Turin politexnika universiteti huzurida Elektromobillar va ularning infratuzilmasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislarni rivojlangan davlatlarga malaka oshirishga yuborish rejalashtirilmoqda.

Yig‘ilishda mutasaddilar ushbu chora-tadbirlar natijasida respublikada yiliga 15–25 mingta elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkinligini qayd etishdi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga elektromobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekistonga elektromobil import qilishda QQS, utilizatsiya va bojxona yig‘imi undiriladi.

Bunda:

  • QQS avtomobilning bojxona qiymatidan 15 foiz;
  • utilizatsiya yig‘imi – agar elektromobilning ishlab chiqarilgan muddati 3 yildan oshmagan bo‘lsa, BHMning 30 barobari (9 mln so‘m); 3 yildan oshgan bo‘lsa, BHMning 90 barobari (27 mln so‘m) miqdorida;
  • bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha yig‘im elektromobilning qiymatiga qarab BHMning 1 barobaridan 3,5 barobarigacha (300 ming – 1 mln 50 ming so‘m oralig‘ida) miqdorda bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zavtosanoat» Xitoyning BYD kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etmoqchi. O‘zbekiston va Xitoy bu borada 1 mlrd dollarlik bitimlar tuzishga kelishib olgan.

Mavzuga oid
Top