O‘zbekiston hukumati Toshkentdagi uchta onkologik shifoxonani sotish bo‘yicha yopiq qaror chiqargan. Respublika onkologiya markazi, uning Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiallari yangi qurilayotgan yagona onkologik kompleksga birlashtiriladi.

Shifokor-onkolog Shermuhammad Umirov Kun.uz bilan suhbatda O‘zbekistonda saratonga chalinganlarning oylab navbatga turayotgani sabab ko‘plab holatlarda kasallik so‘nggi bosqichga borib qolayotgani, bunday sharoitda mavjud o‘rinlarning qisqartirilishi fojia ekanini aytdi.

“Shifoxonalarni qo‘shib yuborish noto‘g‘ri”

— Bugun O‘zbekistonda 100 mingdan ortiq onkologik kasalga chalingan bemorimiz bor va ularning 30 foizdan ortig‘i og‘ir ahvolda. 100 ming bemorning 10 mingga yaqini – 18 yoshga to‘lmagan bolalar.

Shunday qiyin vaziyatda onkologik shifoxonalarni kamaytirish yoki o‘rinlar sonini qisqartirish – fojia.

Yangi kasalxona qurilishi yaxshi ish, lekin Respublika onkologiya markazini Toshkent shahri va viloyati bilan qo‘shib yuborish noto‘g‘ri.

Bolalar onkologiyasi bo‘limi ham alohida bo‘lishi kerak. Bugungi kunda Toshkent viloyat onkologiyasida bolalar bo‘limi yo‘q. Bu borada haqiqatan ham kulgili ahvoldamiz. 4 mln aholisining 36 foizi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalardan iborat bo‘lgan viloyatda shu bolalarning davolanishi uchun bolalar onkologiya bo‘limi yo‘qligi achinarli. Bu viloyatdagi saratonga chalingan bolalar poytaxtga kelishadi. Biz ularga Toshkent shahar onkologiyasiga order beramiz davolanish uchun, u yerda katta navbat bor – lekin joy yo‘q, yetmaydi. Oqibatda birinchi yoki ikkinchi bosqichda aniqlanishi, davolanishi kerak bo‘lgan kasallik og‘ir bosqichlarga o‘tib ketadi.

Viloyatning bitta tumanini misol keltiray, mingta onkologik kasali bor va shundan 500 ga yaqini bolalar. Bu kichkina sonmi? Shu 500 bemor boladan kamida 40 nafari nobud bo‘lyapti.

Dunyo bo‘yicha 1 soniyada 1 odam onkologik kasaldan vafot etadi. O‘zbekistonda esa taxminan har 10 daqiqada bitta onkologik kasalga chalingan odam nobud bo‘ladi. Bu kimningdir singlisi, kimningdir ukasi, kimningdir otasi, kimningdir onasi, kimningdir bolasi bo‘lishi mumkin. Buni hech kim inkor qilolmaydi.