18:38 / 29.11.2022
14488

Yakkasaroyda fuqaroni tepgan raisga jarima jazosi berildi

29 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida nogironligi bor fuqaroni tepgan Armug‘on mahallasi raisi A’zam Qodirovga oid ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rib chiqildi. Sud qarori bilan unga salkam 1 mln so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahar sudlarining xabariga ko‘ra, Qodirov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik, ya’ni mayda bezorilikni sodir etgan deb topilgan. Shundan kelib chiqib, sudning qarori bilan unga BHMning 3 baravari, 900 ming so‘m miqdorida jarima jazosi berilgan.

Huquqbuzar bu qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati berishi mumkinligi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Yakkasaroy tumani Armug‘on mahallasi raisi A’zam Qodirov oddiy fuqaroni tepgan voqeasi 27 noyabr taxminan soat 12:30larda sodir bo‘lgani ma’lum qilingandi.

Bir kun o‘tib, ya’ni 28 noyabr kuni mahalla guzarida o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng, “o‘z lavozimiga nomunosib xatti-harakati” uchun rais ishdan bo‘shatilgandi.

Mavzuga oid
Top