11:10 / 02.12.2022
6121

AQSh va NATO Yaqin Sharqdagi NASAMS tizimini Ukrainaga ko‘chirmoqchi

AQSh va NATO bo‘yicha ittifoqchilar NASAMS «yer-havo» sinfidagi raketa tizimlarini Ukrainaga ko‘chirish bo‘yicha Yaqin Sharqdagi qator davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Politico nashriga Raytheon Co. ishlab chiqarish kompaniyasi rahbari Greg Xeys ma’lum qildi. 

Foto: Getty Images

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazifa uch-olti oy ichida Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlarini jo‘natish, so‘ngra keyingi 24 oy ichida AQSh buning evaziga Yaqin Sharqqa yangi NASAMS tizimlarini yuborishidan iborat

Bundan oldin AQSh Mudofaa vazirligi Amerikaning Raytheon Technologies Co mudofaa va aerokosmik kompaniyasi bilan oltita NASAMS mobil zenit-raketa kompleksini (ZRK) keyinchalik ularni Ukrainaga topshirish uchun ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzishi xabar berilgandi. 

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, uning muxbiri tegishli hujjatni ko‘rgan. Unga ko‘ra, shartnoma summasi 1,2 milliard dollarni tashkil qiladi.

Shartnoma muddati, shuningdek, boshqa tafsilotlar haqida xabar berilmagan. Hozircha bu masala yuzasidan rasmiylardan hech qanday izoh chiqarilmadi.

Qo‘shma Shtatlar allaqachon Kiyevga bir nechta NASAMS qurilmalarini taqdim etgan. 25 sentabr kuni prezident Zelenskiy, 7 noyabrda esa mudofaa vaziri Reznikov Amerika zenit-raketa komplekslari yetkazib berilishini e’lon qildi. Ikkinchisining ta’kidlashicha, bu qurilmalar «Ukraina armiyasini sezilarli darajada mustahkamlaydi» va Ukraina osmonini xavfsizroq qiladi.

Britaniyalik harbiy kuzatuvchi Tim Ripli ham NASAMS ZRK Ukrainaga havo mudofaasidagi «ko‘plab teshiklarni yamoqlash» imkonini beradi, deb hisoblaydi. «Bu Ukrainaga ko‘priklar, zavodlar, aerodromlar kabi asosiy nishonlar ustida havo mudofaa soyabonlarini o‘rnatish hamda Rossiya samolyotlari va qanotli raketalarining ularga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi», dedi u sentabr oyida DW nashriga.

8 oktyabr kuni Qrim ko‘prigida sodir bo‘lgan portlashdan so‘ng Rossiya Ukrainaning fuqarolik infratuzilmasiga ommaviy zarbalarni boshladi. Natijada 18 noyabrga kelib, rasmiy Kiyevga ko‘ra, mamlakat energetika tizimining yarmi ishdan chiqqan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top