00:54 / 03.12.2022
24134

Turkiyalik sharhlovchi JCh-2022 o‘yini tanaffusida efirdan chetlatildi

Sharhlovchi muxolifatga aloqador bo‘lgan sobiq futbolchi ismini tilga olgani uchun jazolangan.

Foto: Getty Images

Turkiya televideniyesi sharhlovchisi Alper Baqirjigil JCh-2022 guruh bosqichidan o‘rin olgan Kanada - Marokash o‘yini tanaffus vaqtida efirdan chetlatildi.

Telekompaniya rahbariyatining bunday qarorga kelishiga sharhlovchi tomonidan jonli efirda jahon chempionatlari tarixidagi eng erta gol muallifi Hoqon Shukur nomini tilga olgani sabab bo‘lgan.

«O‘yin tezkor gol bilan boshlandi. Ammo aytish joizki, jahon chempionatlari tarixidagi eng tezkor golni Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinning 11-soniyasida Hoqon Shukur urgan edi», degan Baqirjigil.

2002 yilgi jahon chempionatida Turkiya milliy jamoasi hujumchisi Hoqon Shukur 11-soniyadayoq Janubiy Koreya darvozasini ishg‘ol qilib, eng tezkor gol bo‘yicha rekord o‘rnatgan edi. Futbolchi faoliyatini yakunlaganidan keyin siyosat bilan shug‘ullandi va 2015 yilda radikal muxolifat bilan aloqadorlikda ayblandi. Shundan so‘ng, Shukur 2016 yilda Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tdi va hozirda taksi haydovchisi bo‘lib ishlayapti.

Baqirjigil efirdan chetlatilgach, ikkinchi bo‘limda uning o‘rnini Junayt Qiron egalladi. Bu hodisa ijtimoiy tarmoqlarning turk segmentida keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Keyinchalik, Baqirjigil ishdan bo‘shatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq, telekompaniya buni rad qilib, u bilan tushuntirish ishlari olib borilganini ma’lum qildi.

Mavzu
Qatar-2022
20 noyabr kuni Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlandi.
Barchasi
Top