16 iyun kuni Turkiya Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng bayonot bilan chiqqan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Eron va Isroil urushiga to‘xtaldi. Bu haqda Anadolu nashri xabar bermoqda.

«Har kun o‘tgan sayin, Eronning yadro obektlariga zarba berish bahonasi ostida boshlangan hujum aslida nihoyatda keng qamrovli va makkor maqsadlarni ko‘zlagani ayon bo‘lib bormoqda. Biz boshidanoq Eronning yadro dasturi muzokara stolida muhokama qilinishi kerakligini aytib kelamiz. Bugun ham o‘sha nuqtadamiz. G‘azoni butunlay vayron qilgan va mintaqadagi barcha davlatlarni qo‘rqitayotgan Isroil, ehtimol, xatolarini kelajakda anglab yetar, biroq u paytda kech bo‘ladi».

Erdo‘g‘anning fikricha, Isroil tomonidan sodir etilayotgan har bir jinoyat va insoniyatga qarshi harakat ularning mavjudligiga va kelajagiga tahdid soladi. Erdo‘g‘an Isroil tajovuzini to‘xtatish bo‘yicha AQSh, Rossiya, Eron, Misr va Saudiya yetakchilari bilan muzokara olib borganini hamda bu borada har qanday yordamni ko‘rsatishga tayyorligini aytdi. U mintaqadagi muhim voqealarni eslagan:

«Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush hali ham davom etmoqda, ikki tomon ham charchagan. Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi tanglik qisqa davom etgan bo‘lsa-da, xavf saqlanib qolmoqda. Isroil tomonidan G‘azoda ochiqcha sodir etilayotgan genotsid, Livan va Suriyadagi tajovuzkor harakatlar yuragimizni ezmoqda. Endilikda Isroil bizning qo‘shnimiz Eronga ham hujum boshladi. Har kun o‘tgan sayin bu hujum ortida juda xavfli va yashirin niyatlar borligi ayon bo‘lmoqda».

Erdo‘g‘anning aytishicha, so‘nggi voqealar fonida Turkiya o‘z raketa zaxiralarini yetarli darajaga olib chiqish bo‘yicha rejalar hamda Anqara mojaro yuzasidan har qanday ssenariyga tayyorligini bildirdi.

«Biz o‘rta va uzoq masofali raketa zaxiralarimizni to‘xtatuvchi darajagacha yetkazish imkonini beradigan rejalar ustida ishlayapmiz. Umid qilamizki, qisqa vaqt ichida biz — hech kim bizga qarshi chiqishga jur’at eta olmaydigan darajadagi mudofaa salohiyatiga erishamiz»,