10:25 / 04.12.2022
35570

SSV: O‘zbekistonda omikronning yangi varianti dominant versiyaga aylandi

O‘zbekistonda kovidning yuqumlilik darajasi yuqori bo‘lgan yangi mutatsiyasi tarqalmoqda. Kovidning bu yangi varianti bolalar va homiladorlarda qanday kechmoqda?

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda omikron shtammining VA.5 varianti dominant versiyaga aylandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, mamlakatda noyabr oyidan boshlab koronavirusga chalingan bemorlar soni sezilarli darajada ortmoqda. O‘sish dinamikasi, avvalo, kunlar sovib, odamlar asosiy vaqtini yopiq bino va inshootlarda o‘tkazayotgani bilan bog‘liq. Qolaversa, COVID-19’ning yuqumlilik darajasi yuqori bo‘lgan yangi mutatsiyalari bemorlar soni ko‘payishiga sabab bo‘lyapti.

Xo‘sh, O‘zbekistonda hozirgi kunda omikronning qaysi subvarianti dominant versiyaga aylangan?

Buni aniqlash maqsadida 10–12 noyabr kunlari Respublika maxsus 1-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga gospitalizatsiya qilingan 27 nafar bemordan tibbiy namunalar olindi. Shundan so‘ng ushbu tahlillar Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazida sekvenlash jarayonidan o‘tkazildi. Natijada 27 nafar bemor omikron shtammining BA.5 subvarianti bilan zararlangani ma’lum bo‘ldi.

BA.5 subvariantining avvalgi mutatsiyalardan farqi nimada?

Mazkur versiyaning yashirin davri boshqa shtammlar singari 5–6 kun emas, 2–3 kunni tashkil etyapti. Uning asosiy belgilari:

  • tomoq og‘rig‘i;
  • tana haroratining gektik (41 darajagacha) ko‘tarilishi;
  • bosh va mushaklarda kuchli og‘riq;
  • holsizlik;
  • uyquchanlik;
  • konyuktivit (10 foiz holatda);
  • rint va tonzilit (40 foiz holatda);
  • otit (10 foiz holatda);
  • diareya (10 foiz holatda) yuzaga kelishi kuzatilmoqda.

Shuningdek:

  • kuchli va xurujli yo‘tal;
  • ba’zi hollarda ko‘krak qafasida og‘riq;
  • nafas qisishi va havo yetishmaslik belgilari yuzaga kelmoqda.

«O‘pka to‘qimasining zararlanishi 30–40 foiz holatlarda kuzatilmoqda. Bunday bemorlarning aksariyati uy sharoitida yoki ba’zi xususiy klinikalarda antibiotik, gormon preparatlari hamda tomchi dorilarni tomir ichiga maqsadsiz va palapartish qabul qilgan yurtdoshlarimizdir», – deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov.

Kovidning yangi varianti bolalar va homiladorlarda qanday belgilar bilan namoyon bo‘lmoqda?

O‘zbekiston hududida yoz oylarida omikron shtammining BA.2 versiyasi yetakchilik qilgandi. Ayni paytga kelib esa bemorlarning qariyb barchasida BA.5 subvarianti aniqlanmoqda. 3 dekabr kuni 162 kishida virus aniqlandi. Bu O‘zbekistonda 21 fevraldan buyon eng yuqori kunlik ko‘rsatkich hisoblanadi. Ushbu yangi mutatsiya bolalar va homilador ayollarda qanday klinik belgilar bilan namoyon bo‘lmoqda? Sog‘liqni saqlash vazirligi shu haqda ma’lumot berdi.

«O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan aholi qatlami hamda homilador ayollarning immun tizimi nisbatan sust bo‘ladi. Shu bois ularning yuqumli kasalliklar, jumladan, koronavirusga chalinish ehtimoli yuqori», – deydi Zangiota 1-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori o‘rinbosari Hilola Alimova.

Xastalik belgilari

BA.5 subvarianti alomatlari avvalgi BA.2 versiyasi simptomlari bilan deyarli bir xil kechmoqda. Jumladan, bolalar va homilador ayollarda tumov, tomoqda og‘riq va qizarish, O‘RVI, qolaversa, 3–5 foiz holatlarda allergiyaga moyilligi bor bemorlarda diareya hamda obstruksiya (bo‘g‘ilish xuruji) belgilari kuzatilyapti.

Shuningdek, muddatiga yetgan, uchinchi 3 oylikdan yuqori muddatdagi homiladorlarda (30 haftadan yuqori muddat) xastalik chog‘ida homila suvining sezilarli miqdorda kamayishi va loyqalanishi yuzaga keladi. Bu esa homilaning dimiqishiga olib kelmoqda.

Bunday ayollarda koronavirus yuqori harorat, bosh va mushaklarda og‘riq, holsizlik, uyquchanlik, rinit va tonzillit belgilari bilan namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, ba’zi bemorlarni kuchli yo‘tal, ko‘krak qafasida og‘riq bezovta qilyapti.

Qolaversa, fon kasalliklari bor bemorlar, masalan, tutqanoq xastaligi mavjud bolalar, kardiologik muammolardan aziyat chekayotgan ayollar va o‘g‘il-qizlarda koronavirus nisbatan og‘irroq kechmoqda.

Ammo ushbu muddatdagi homiladorlarda kasallik yengil kechib, o‘pka to‘qimasining zararlanishi deyarli kuzatilayotgani yo‘q. Shunga qaramay, homilasi 30 haftalikdan oshgan ayollarga statsionar sharoitda davolanish tavsiya etilmoqda. Homiladorlikning birinchi va ikkinchi 3 oyligidagi bemorlar esa qat’iy ravishda hududiy oilaviy poliklinikalar nazoratida bo‘lib, tegishli muolajalarni olishlari shart ekani keltirilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top