09:36 / 10.12.2022
18340

Putin: Merkelning Minsk kelishuvlari haqidagi so‘zlari mutlaqo kutilmagan bo‘ldi

Germaniya sobiq kanslerining Minsk kelishuvlari haqidagi bayonoti Rossiya prezidenti uchun «kutilmagan bo‘ldi va hafsalasini pir qildi». Merkelning fikricha, Minsk kelishuvlari Ukrainaga vaqt berishga urinish edi.

Foto: Reuters

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Germaniya sobiq kansleri Angela Merkelning Minsk kelishuvlari haqidagi bayonotidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirdi. «To‘g‘risini aytsam, bu men uchun mutlaqo kutilmagan bo‘ldi, hafsalam pir bo‘ldi. Men, rostini aytsam, sobiq federal kanslerdan buni eshitishni kutmagandim, chunki doim Germaniya Federativ Respublikasi rahbariyati biz bilan o‘zini samimiy tutganidan kelib chiqqanman», dedi Rossiya davlat rahbari 9 dekabr, juma kuni Bishkekdagi matbuot anjumani chog‘ida.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, sobiq kansler so‘zlari Ukraina bilan urush boshlash to‘g‘ri qaror bo‘lganidan dalolat beradi, chunki «ma’lum bo‘lishicha, bu Minsk kelishuvlarining barchasini hech kim bajarmoqchi bo‘lmagan». «Aftidan, rostini aytsam, biz o‘z fikrimizni juda kech tushundik. Balki bularning barchasi ertaroq boshlanishi kerak edi», dedi prezident.

Shu bilan birga, Rossiya rahbari «hozirda ishonch masalasi kelib chiqyapti», deb hisoblaydi. «Shunday qilib, ishonch deyarli nolga teng, ammo bunday bayonotlardan so‘ng, albatta, qanday qilib, nima haqida va kim bilan muzokara qilish mumkin, kafolatlar qayerda, degan savol tug‘iladi», dedi Putin. Ammo, u «oxir-oqibat muzokara qilish kerak» bo‘lishini tan oldi.

Merkel 7 dekabr kuni Die Zeit nashriga bergan intervyusida Rossiya va Ukraina o‘rtasida 2014 yildagi Minsk kelishuvlari mojaroning yechimi emas, balki «muzlatib qo‘yish» bo‘lganini va Ukrainaga kuchayishi uchun «qimmatli vaqt» berganini aytdi.

«2014 yildagi Minsk kelishuvlari Ukrainaga vaqt berishga urinish edi. U ham bu vaqtdan kuchayish uchun foydalangan, buni bugun ko‘rib turibsiz. 2014/15 yilgi Ukraina bugungi Ukraina emas», - dedi Merkel 2015 yilda Donetsk viloyatidagi Debalsevo uchun olib borilgan janglarni misol qilib keltirgan holda. «Men o‘shanda NATO mamlakatlari Ukrainaga hozirgidek ko‘p yordam bera olishi mumkin bo‘lganiga shubha qilaman», - deya qo‘shimcha qildi Merkel.

«Shimoliy oqim-2» gaz quvurining ishga tushirilishi haqidagi savolga javob berar ekan, Merkel uni tasdiqlash uchun ariza hukumat tomonidan emas, balki kompaniyalar tomonidan berilganini ta’kidladi. «Oxir-oqibat, federal hukumat va men uchun «Shimoliy oqim-2»ni ma’qullashni to‘g‘ridan to‘g‘ri inkor etuvchi siyosiy akt sifatida yangi qonun qabul qilish-qilmaslikni hal qilish masalasi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi», deb tushuntirdi Merkel.

Top