16:43 / 10.12.2022
11725
Rossiya bir kun ichida Xerson viloyatini 51 marta o‘qqa tutdi
Foto: AP

Rossiya qo‘shinlari o‘tgan sutka davomida Xerson viloyatini 51 marta o‘qqa tutdi. Bu haqda Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenko Telegram’da xabar berdi

«Ular minomyotlar, yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari va miltiqli artilleriyadan o‘q uzdi. 8 kishi yaralandi. 2 kishi halok bo‘ldi», - dedi u. 

O‘qqa tutilishi natijasida shaharning turar joylari, shifoxona, do‘konlar va omborlar zarar ko‘rgan, infratuzilma obektlariga jiddiy talafot yetgan, deb xabar qildi Timoshenko. 

Shu bilan birga, Rossiya qo‘shinlari Sumi viloyatining chegara hududlarini artilleriyadan o‘qqa tutdi, 48 ta snaryad kelib tushishi qayd etildi. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati rahbari o‘rinbosari yozdi. 

Bundan tashqari, Rossiya kvadrokopterdan snaryadni turar joy binosiga tashlagani va Bolshaya Pisarevka qishlog‘ida S-300 raketalari bilan zarba bergani aytiladi.

Avvalroq Xerson viloyatini minalardan tozalash jarayonida to‘rt nafar ukrainalik politsiyachi halok bo‘lgandi. Bu haqda mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy vatandoshlariga videomurojaatida xabar berdi. 

Bundan tashqari, Zelenskiy Rossiyaning Donetsk viloyati Kuraxovo shahriga bergan zarbasi haqida batafsil ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, bozor, elevator, yonilg‘i quyish shoxobchasi, avtovokzal va turar joy binosi o‘qqa tutilgan. 10 kishi halok bo‘ldi.

Ukrainaning energiya ta’minoti bilan bog‘liq vaziyatni izohlar ekan, Zelenskiy hozirda mamlakat energetika tizimlarini 100 foizga tiklash imkonsizligidan ogohlantirdi. 

«Vaqt kerak. Shu bois aksariyat shahar va tumanlarda elektr energiyasini o‘chirish jadvali saqlanib qolgan», - dedi prezident.

2 dekabr kuni kechqurun Xerson yana Rossiya qo‘shinlari tomonidan raketa hujumiga uchragandi. 

Xerson viloyati harbiy ma’muriyati boshlig‘i Yaroslav Yanushevichning Telegram-kanaliga ko‘ra, zarbalar paytida elektr tarmoqlari shikastlangan, shahar yana elektr ta’minotisiz qolgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top