23:18 / 11.12.2022
65668

«Hududgazta’minot»ning Toshkent viloyati filiali direktori qamoqqa olindi

Gaz va elektr muammosi bo‘yicha qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan ayrim rahbarlar qamoqqa olingan va ularga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Foto: O‘zA

Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda energiya resurslari bilan ta’minlash sohasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ayrim ma’lumotlarni ochiqladi.

Bosh prokurorning ma’lum qilishicha, «Hududgazta’minot» AJning Toshkent viloyati bo‘yicha tarkibiy bo‘linmasi bo‘lgan «Hududgaz Toshkent» filiali direktori M.A.ga nisbatan jinoyat ishi ochilgan hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Shuningdek, «Yangiyo‘l tumangaz» rahbari U. T. va «Guliston tuman elektr tarmoqlari korxonasi» sobiq rahbari F. Sh.ga ham jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

«Agar boshqa hududlardagi mas’ullar ham bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmasa va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ysa, ularga ham, albatta, xuddi shunday jinoiy ish qo‘zg‘atiladi», degan — Sardor Umrzoqov.

  • Bundan oldinroq Umurzoqov boshchiligidagi yig‘ilishda qonunbuzilishga hamda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan soha rahbarlaridan ayrimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.
  • Eslatib o‘tamiz, 9 dekabr kuni Sardor Umrzoqov rahbarligidagi videoselektorda Toshkent viloyati prokurori Prezident Administratsiyasidan noqonuniy gazga ulangan zavodni tarmoqdan uzmaslikni so‘ragani haqida aytilgandi.
Top