O‘zbekiston | 23:27 / 13.12.2022
12572
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatida 225 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani ma’lum bo‘ldi 

2022 yilning 11 oyi davomida Xorazm viloyatida 1466 ta holatda 225,7 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani va binolar noqonuniy qurilgani aniqlangan. 

Eng ko‘p qonunbuzarliklar Hazorasp tumani (213), Xonqa tumani (165) va Urganch tumanida (135) qayd etilgan. 

Noqonuniy egallab olingan yerlar hajmi bo‘yicha Tuproqqal’a tumani (72 gektar), Shovot tumani (52 gektar) va Gurlan tumani (34 gektar) «peshqadamlik» qilmoqda. 

Shuningdek, Kadastr agentligi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 607 ta holatda yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish, 2447 ta holatda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik, 3 ta holatda sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish bo‘yicha choralarni ko‘rmaslik holati aniqlangan. 

Yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish bilan bog‘liq 493 ta holatda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi talablari asosida javobgarlik masalasi ko‘rilgan, 501 ta holatda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan holatlar o‘z vaqtida bartaraf qilingani sababli ma’muriy ish tugatilgan. 138 ta holatda jinoyat alomatlari borligi sababli ish prokuratura organlariga o‘tkazilgan. 

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan holatlar bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 692 ta holatda qonunbuzarlik ixtiyoriy bartaraf etilgan, 697 ta holatda sudga da’vo arizasi kiritilgan. 

Mavzuga oid