Sport | 14:42 / 19.12.2022
44686
15 daqiqa o‘qiladi

Messi nomidagi chempionat. Tarixdagi eng yaxshi finalning asosiy voqealari 

Leo bu g‘alabaga loyiq edi.

Foto: Getty Images

JCh-2022. Final. 18 dekabr
Argentina – Fransiya 3:3. Penaltilar seriyasi: 4:2

Gollar: 1:0 – 23, penalti Messi, 2:0 – 36 Di Mariya, 2:1 – 80, penalti Mbappe, 2:2 – 81 Mbappe, 3:2 – 108 Messi, 3:3 – 118, penalti Mbappe.
Argentina – Martines, Molina (Montiyel, 90), Otamendi, Romero, Talyafiko (Dibala, 120), De Paul (Paredes, 102), Mak Allister (Pesselya, 116), Fernandes, Di Mariya (Akunya, 64), Messi, Alvares (Martines, 103).
Fransiya – Loris, Kunde (Disasi, 120), Varan (Konate, 113), Upamekano, Ernandes (Kamavinga, 71), Rabio (Fofana, 96), Tchuameni, Jiru (Tyuram, 41), Grizmann (Koman, 71), Dembele (Kolo-Muani, 41), Mbappe.
Ogohlantirishlar: Fernandes (45), Rabio (55), Tyuram (87), Jiru (90), Akunya (90), Paredes (114), Montiyel (116).

Uchinchi yulduz

Argentina va Fransiya bu finalga qadar ikki bor chempionlik titulini qo‘lga kiritgan.

Argentinaliklar 1978 va 1986 yillarda oltin medallarga ega chiqishgan. Mamlakatga ikkinchi yulduzni Meksikadagi jahon chempionatida jamoani o‘z ortidan ergashtirgan va yarimfinalda Angliya darvozasiga futbol tarixidagi eng mashhur gollarni — mojaroli «Xudoning qo‘li» bilan urilgan gol va maydon markazidan yurish qilib kelib urilgan «Asr goli»ni urgan Diyego Maradona olib kelgandi. 1990 yilda Maradona yana jamoani finalga olib chiqqan, ammo Italiyadagi chempionatda Germaniyaga mag‘lub bo‘lingandi.

Fransuzlar 1998 va 2018 yillarda oltin medallarni qo‘lga kiritishgan. Mamlakatga bu ikki yulduz olib kelinishida ham Dide Desham ishtirok etgan. Birinchi holatda uyda o‘tkazilgan mundialda jamoa sardori sifatida, ikkinchisida — Rossiya mezbonligidagi chempionatda kuchliligi jihatidan 1998 yildagidan kam bo‘lmagan jamoa bosh murabbiyi sifatida.

Qatar-2022 turniriga qadar argentinaliklar uch bor finallarda mag‘lub bo‘lib, kumush bilan kifoyalanishga majbur bo‘lishgan, fransuzlar — faqat bir marta. Avvalgi mag‘lubiyatli finallar ikki jamoa uchun ham kuchli zarba bo‘lgandi: 2006 yilda Jahon kubogi uchun o‘yinda Zidan maydondan chetlatilgan va futbolchilik faoliyatini yakunlagan, 2014 yilda — Messi faoliyatidagi eng qayg‘uli daqiqalarda kubokka qaray olmay o‘tgandi.

Messi va rekordlar

Bu chempionat Messining orzusi edi. Argentina termasi sardorining Jahon kubogi uchun yurishi anchadan beri dramatik syujyetlardan biriga aylangandi. 2021 yil yozida Leo barcha xafagarchiliklar ortidan uzoq kutilgan Amerika Kubogini qo‘lga kiritdi - bu uning terma jamoa safidagi ilk sovrini bo‘ldi, shundan boshlab u yana terma jamoada o‘ynash zavqini his qila boshladi, 2022 yilgi Qatar qishidagi asosiy intriga — uning bosh turnirdagi g‘alabasi masalasiga aylandi.

Messi jahon chempionati rekordlarini takrorladi va qaytadan yozdi, bu tarixdagi va aynan jamoasi uchun eng yuqori yutuqlar. U o‘zi uchun beshinchi mundialda o‘yinlar, gollar va samarali harakatlar soni bo‘yicha Maradonadan o‘zib ketdi. Leo ilk bor JCh pley-offlarida gol urdi va har bir bosqichda gol urgan ilk futbolchiga aylandi. Hal qiluvchi o‘yinda esa Matteusning abadiy qoladigandek ko‘ringan rekordini ham yangiladi — JChdagi o‘yinlar sonini 26 taga yetkazdi.

Messi va penalti

Bu final ko‘plab afishalarga ega edi: Messining orzusi, Messi Mbappega qarshi, va yana Lionel Skaloni Deshamga qarshi. Jamoalarning o‘yin rejasini amalga oshirish bo‘yicha murabbiylarning qarama-qarshiligi ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Argentina o‘yin boshidan tashabbusni qo‘lga oldi va birinchi bo‘lim o‘rtalarida penaltidan hisobni ochdi. Di Mariya jarima maydoniga yorib kirdi, Dembele himoyada ishlashiga to‘g‘ri kelib, avval raqibning oyog‘iga tepdi, keyin qo‘l bilan beldan turtdi. Polshalik hakam Marchinyak haqli ravishda penalti belgiladi. Messi Lorisni dog‘da qoldirdi va JCh-2022 to‘purarlari poygasida Mbappeni ortda qoldira boshladi (5 taga qarshi 6 gol).

Di Mariya va top-hujum

Argentina o‘z o‘yinini ko‘rsatishda davom etdi va ikkinchi golli hujumni ham uyushtirdi. To‘p egallab olingach, Skaloni jamoasi o‘z jarima maydoni atrofidan tezkor va samarali hujum uyushtirdi. Uni Molina va Makallister rivojlantirdi. Messi Alvaresga nozik uzatma amalga oshirdi, Xulian Makallisterni oldinga chiqardi, u chap qanotda ochilgan Di Mariyaning yo‘liga to‘pni tashlab berdi.

Di Mariya va Messi — 2022 yilgi tarkibda Argentina uchun kumush bilan yakunlangan 2014 yilgi jahon chempionatidagi tarkibdan qolgan ikki futbolchi. Anxel Braziliyadagi turnir finalini chorakfinalda Belgiya bilan o‘yindagi jarohat tufayli o‘tkazib yuborgandi, endi esa 34 yoshli futbolchi guruh o‘yinlarida dam olib, hal qiluvchi o‘yinlarga tiklandi va finalda penalti ishladi hamda o‘zi ham gol urdi.

Di Mariya — bu jamoaning Messi yonida turgan ko‘plab qahramonlaridan biri. «Leoning tansoqchisi» De Paul va agressiv darvozabon Emiliano Martines, yosh va umidli Fernandes hamda Alvares, o‘rtamiyona «Brayton» vakili Makalister va boshqa ko‘plar qatori.

Mbappe va 97 soniya ichidagi dubl

Fransiya uzoq vaqtgacha Messi va uning hech narsadan tap tortmas jamoasiga qarshi hech narsa qila olmadi, ammo o‘yin oxirida burilish yasadi va o‘yinga qaytdi. Desham tanaffusga qadar ikki futbolchi almashtirgandi — fransuzlarning eng foydali to‘purari Jiru va shu kuni o‘yini umuman chiqmagan Dembele maydondan olinib, kichik Tyuram va Kolo Muani tushirildi. Ikkinchi bo‘limda esa jamoaning asosiy motori Grizmann va Ernandes joylarini Koman va Kamavingaga bo‘shatib berishdi.

Mbappe to‘g‘ri vaqtda soyadan chiqdi va kerakli vaqtda tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Avvaliga forvard Otamendining Kolo Muaniga qarshi foli uchun belgilangan penaltini aniq ijro etdi (bu vaziyat birinchi bo‘limda shu jarima maydonida ro‘y bergan epizodni deyarli takrorladi). Bir yarim daqiqa o‘tmasdan Kilian Tyuram bilan devor uslubida o‘ynab, tezkor qarshi hujumni gol bilan yakunladi - bu hujumni maydon markazi yaqinida Messi bilan kurashda to‘pni olib qo‘ygan Koman boshlab bergandi. «PSJ»ning fransuz hujumchisi JCh to‘purarlari poygasida yana argentinaliklar sardoridan o‘zib ketdi (6 taga qarshi 7 gol).

Bayram qilishga tayyorlanib turgan Argentinani qayg‘u qamrab oldi. «Lusayl» stadioni lojasida xursandchilik qilayotgan Makron ko‘z o‘ngida Fransiya quvnoq o‘yin ko‘rsata boshladi va muxlislarga aql bovar qilmas finalni taqdim etdi.

Overtaym, Messi va Mbappe

Argentina va Fransiya o‘yindan keyin yana yarim soat davomida takrorlanmas oqshomni davom ettirdi. Messi asosiy vaqtga qo‘shimcha daqiqalar so‘nggida kuchli zarbasi bilan masalaga nuqta qo‘yishi mumkin edi — Loris to‘sin ostiga kirib ketayotgan to‘pga qo‘l uzatishga ulgurdi. Tomonlar navbatma-navbat keskin hujumlar uyushtirishdi, futbolchilar tinmay oldinga borishdi, Leo esa himoyada ham o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi.

Ikkinchi ekstra-taymda argentinaliklar navbatdagi xavfli hujumni uyushtirishdi, Lautaro Martines Messi bilan ikki bor «o‘yindan tashqari» holatdan qutulib qolishdi, Martinesning zarbasini Loris to‘sdi, qaytgan to‘pga Lionel zarba berdi, bu to‘p ham qaytarildi, ammo to‘p chiziqdan o‘tganidan keyin qaytib chiqdi.

Lekin fransuzlar yana qutulib qolishdi — Mbappening zarbasidan keyin to‘p Montielning qo‘liga tegdi va yana penalti belgilandi. Kilian yana Emiliano Martinesni dog‘da qoldirib, het-trikni rasmiylashtirdi (Leoning 7 goliga qarshi 8 gol).

Va bu hali hammasi emasdi. Qo‘shimcha bo‘limlarga qo‘shib berilgan daqiqalar oxirida Martines Kolo Muani bilan yakkama-yakka vaziyatda superseyv ijro etdi, final penaltilar seriyasiga olib o‘tildi.

Penaltilar seriyasi

Mbappe va Messi seriyani o‘z gollari bilan boshlab berishdi. Martines Komanning zarbasini to‘sdi, Tshuameni esa darvozabon bosimi ostida to‘pni xato tepdi. Seriyani Montiel aniq zarba bilan yakunlab berdi. Futbolchilarning bir qismi joyidan jila olmagan Messi yonida qoldi.

Keyin maydonda argentinaliklar bayramni boshlashdi, futbolchilarning yaqinlari maydonga tushib kelishdi. Messi kubokni o‘ziga topshirilishidan oldin o‘pib qo‘ydi, keyin esa jamoaga olib keldi.

Mbappe esa keyingi chempionatni kutadi.

Argentina birinchi turda sensatsion ravishda Saudiya Arabistoniga mag‘lub bo‘lganidan keyin pley-offda Niderlandiya bilan supermatch o‘tkazib, Fransiyaga qarshi superfinalda oltin medallarga ega chiqdi. Messi o‘z jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi. Bu shunchaki kosmos.

Messining chempionati

1986 yilgi jahon chempionati deganda muxlislar ko‘z o‘ngiga Diyego Maradona kelgani kabi, Qatardagi mundial Messi so‘zi bilan sinonimga aylanishi kerak. Skaloni, De Paul, Emi Martines va Di Mariya esa bunday polotno muallifi bo‘lgan rassomning yordamchilari sifatida tarixda qolishadi.

Foto: CLIVE BRUNSKILL/GETTY IMAGES

Messi buning uchun boshqacha bo‘lishiga, o‘ziga Maradonaning xarakterini ham qo‘shishiga to‘g‘ri keldi, bu turnirda u o‘ziga o‘xshamadi — futbol ahli bungacha pressing qiluvchi, raqiblarga tashlanuvchi, jarima maydoni ichida himoyalanuvchi Messini ko‘rmagandi.

Lionel Messining Jahon kubogi sari yo‘li — sayyora bo‘ylab eng kassabop bo‘ladigan drama uchun tayyor ssenariydir. Uning syujyeti muxlisni ilk daqiqadan so‘nggisiga qadar hayajonda ushlab turadi, bosh qahramonga befarq bo‘lganlarni ham unga hamdard bo‘lishga majbur qiladi va yakunda yig‘latadi.

Kartinaning avvalgi sahnalari olib bo‘lingandi. 18 yoshli Leo jahon chempionatida debyut qiladi, bir hafta o‘tib — o‘z tug‘ilgan kunida — 1/8 final bosqichida turnirni tark etadi. 23 yoshida Diyego Maradona bilan og‘ir zarba qabul qilib oladi, Argentina JCh-2010 pley-offida Germaniyaga 0:4 hisobida mag‘lub bo‘ladi.

27 yoshida finalda yutqazadi.

O‘shanda, 2014 yilda u g‘alabaga boshqa bu qadar yaqin kelmaydigandek ko‘ringandi. Argentina har turnirga kuchli tarkib bilan tashrif buyurar, favoritlar short-listidan joy egallar, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchrardi. Va hatto Messi ham buni tuzata olmasdi.

Uning terma jamoadan hissiyotlar bilan ketishi va qaytishi — Leo «Albiseleste»ning muvaffaqiyatsizliklarini og‘ir qabul qilganidan darakdir. Shu darajadaki, 35 yoshida u jamoa uchun o‘yin uslubini va o‘zini tutishini o‘zgartirdi — va milliy jamoadagi 16 yillik faoliyatidagi eng yaxshi futbolini namoyish etdi.

Qatarda Messi kiyim almashtirish xonasida barchasini o‘z nazoratiga oldi va uyatchan dahodan ortga qaytishdan va qora ishlarni bajarishdan uyalmaydigan, raqib zaxira o‘rindig‘idagilarni provokatsiya qilib, flesh-intervyu vaqtida raqib futbolchisini nariroq haydaydigan beshafqat yo‘lboshchiga aylandi.

To‘rtta finalda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Leo shunday xarakteri bilan amaldagi chempionlarga qarshi jang qilish uchun maydonga tushdi — u shu kuni hayot-mamot o‘yinini o‘tkazib, kubokni boshi uzra ko‘tarishi yoki tarixga omadsiz qirol sifatida kirishi kerak edi.

Orzuga yetish uchun u jahon chempionati finalida ikki bor penaltini shu qadar sovuqqonlik bilan ijro etdi, shoshilmay to‘pga yaqinlashdi, zarbadan oldin tanaffus qildi, darvozabonni yiqitib, to‘pni burchakka dumalatdi. Shu orzuga yetish uchun 36 yoshida himoyaga yordamga keldi, to‘p uchun kurashdi, hujumlarni boshqardi, penaltilar seriyasiga kuch va emotsiyalarni yetkaza oldi.

Foto: SHAUN BOTTERILL/GETTY IMAGES

Butun faoliyati mobaynida Leo jahon rekordlarini yangiladi, shaxsiy sovrinlarning noyob kolleksiyasini yig‘di va ko‘pchilikni hayratga solgancha fantastik darajada barqaror futbol namoyish etdi: uning harakatlari reallikda ro‘y berayotgani yoki kompyuter o‘yinida ekanini farqlab bo‘lmasdi. Ammo u baribir Maradonadan ortda edi — Diyegoning JCh-1986 turniridagi asosiy yutug‘i tufayli. Bu sovrin Argentinaniki — ammo unga Maradona tufayli erishilgan.

Endi esa Messi yettita «Oltin to‘p», o‘nlab individual sovrinlari va klublari bilan qo‘lga kiritgan 42 ta jamoaviy sovrin qatoriga eng orziqib kutilgan sovrinni — jahon Kubogini ham qo‘shib qo‘ydi. 

Messi va Ronaldu erasida endi baxtli yakun bo‘ldi deyish mumkin — argentinalik daho portugal qadrdoni uchun ham o‘z zamonasi chempionligiga erishdi.

Mavzuga oid