Argentinaliklar kanadaliklarni mag‘lub etgan holda, Amerika kubogining ilk finalchisiga aylandi.
Amerika Kubogi-2024. Yarimfinal
Argentina — Kanada 2:0
Gollar: Alvares (22), Messi (51).
Argentina – Emiliano Martines, Montiel (Molina, 71), Romero, Lisandro Martines, Talyafiko (Otamendi, 64), Di Mariya (Gonsales, 78), Mak Allister (Palasios, 78), De Paul, Fernandes, Messi, Alvares (Lautaro Martines, 78).
Kanada – Krepo, Lareyya (Ahmad, 55), Jonston, Kornelius, Lumpungu, Devis (Osorio, 71), Eushtakiu (Shuene, 72), Kone, Larin, Devid (Oluvaseyi, 64), Shaffelburg (Millar, 55).
Ogohlantirishlar: Devid (32), Eushtakiu (63), Marsh (77), Kone (79), Molina (88)
Amerika kubogining birinchi yarimfinali ushbu jamoalar qarama-qarshiligida o‘tishini oldindan taxmin qilish qiyin edi. Aniqrog‘i, Argentina bu bosqichga yetib kelishiga hech kim shubha qilmagan, ammo Kanada turnirning eng kuchli to‘rt jamoasi qatorida bo‘lishini ko‘pchilik kutmagandi. Shimoliy amerikaliklar uchun guruhda uchinchi o‘rin bo‘lish uchun inqiroz holatidagi peruliklar bilan raqobat qilishi kutilayotgandi. Ammo qizillar Chilini ham ortda qoldirib, guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqdi, keyin esa pley-offning ilk o‘yinida o‘z guruhidan yuz foizlik natija bilan chiqqan Venesuelani penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratdi.
Jamoani 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorlash uchun taklif etilgan Jyessi Marsh o‘z ishini a’lo darajada uddalamoqda. «Lids»dan bo‘shatilganidan keyin bir yildan ortiq vaqt davomida ishsiz yurgan amerikalik mutaxassis turnir boshlangunicha yangi jamoasi bilan atigi ikki o‘yin o‘tkazishga ulgurgandi. Birinchisida Niderlandiyadan to‘rtta javobsiz gol qabul qilib olindi, ikkinchisida Fransiya bilan o‘yinda darvozalar daxlsizligi saqlab qolindi, keyin esa Kanada uchun tarixiy yutuqlarga erishildi. Marshning o‘zi birinchi kundayoq uni bu lavozimga olib kelishni qanchalar xohlashganini his qilganini aytmoqda.
Uning ishlariga faqat ikki yildan keyin — jahon birinchiligida to‘liq baho berilishi tushunarli. Ammo ayni vaqtda u bilan shartnoma imzolagan Kanada futboli rahbarlari va homiylar barchasidan mamnun bo‘lishi kerak. AQSh futbol federatsiyasi esa uni qo‘ldan chiqargani uchun afsusda. Amerikaliklar o‘tgan yili Marshni suhbatga taklif etishgan, ammo yakunda Gregg Berhalter bilan shartnomani uzaytirishga qaror qilishgan. Kanadadagilar esa federatsiyaning moliyaviy holati yaxshi emasligiga qaramay, undan pul qizg‘onish to‘g‘ri bo‘lmasligini anglashgan. Yangi rahbariyat Kanadani 2022 yilgi mundialga olib chiqqan va jamoa bosh murabbiyligidan ketib, «Toronto» klubida ish boshlagan Jon Herdman bilan bog‘liq holatdan saboq chiqarishgani ko‘rinib turibdi. Ushbu mutaxassis federatsiya milliy jamoaga zarur moliyaviy yordam hamda shart-sharoitlar yaratib bermaganini tanqid qilgandi.















