Uyda devorlar ham yordam beradi

Argentina — Boliviya 6:0
Gollar: Messi (19, 84, 86), Lautaro Martines (43), Alvares (45+3), Almada (69). 
Argentina – Rulli, Talyafiko, Otamendi (Lisandro Martines, 73), Romero, Molina, Mak Allister (Paredes, 66), Fernandes, De Paul (Palasios, 65), Alvares (Almada, 65), Lautaro Martines (Pas, 73), Messi.
Boliviya – Viskarra, Fernandes (Pas, 67), Medina, Sagredo, Suares, Akin, Vaka, Vilyamil, Mateus (Terrasas, 80), Terseros (Chaves, 67), Algaranyas (Monteyro, 79).
Ogohlantirish: Algaranyas (76).

Oxirgi turlarda Boliviya o‘ziga keldi va qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozondi, ammo bu o‘zgarish Argentinani safarda yengish imkonini beradigan darajada keskin emasdi. Qolaversa, vatanida 334 kundan buyon o‘ynamagan Messi ilhomlanib to‘p surdi. Lautaro Martines to‘pni raqibdan olib qo‘yganidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgan Leo to‘pni yaqin burchakka joylashtirdi va jahon futbolida milliy jamoalar miqyosida ikkinchi eng yaxshi to‘purarga aylanib oldi. Uning «albiseleste» libosidagi 110-goli eronlik afsona Ali Dayini quvib o‘tishga imkon berdi, oldinda esa faqat argentinalikning azaliya raqibi Krishtianu Ronaldu (136) bor.

Messi bu bilan to‘xtash haqida o‘ylamadi va tanaffusgacha yana ikkita golni tashkillashtirdi. Avvaliga Lautaroni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarib, undan qarzini uzdi, keyin esa standart vaziyatda to‘pni himoyachilar ortiga ochilgan Hulian Alvaresga yetkazib berdi. Faqat to‘rtinchi gol jamoa «o‘nligi» ishtirokisiz kechdi — Almada milliy jamoa safidagi ilk golini urdi. Hisobni ochgan Messi esa oxirgi gollarga ham o‘zi mualliflik qildi. U avvaliga o‘ng oyog‘ida darvoza to‘rini ishg‘ol qildi — MLSga o‘tganidan keyin shu oyog‘ida ham gol urishni boshlagan. Keyin esa «Real»ning 20 yoshli tarbiyalanuvchisi Pasning uzatmasidan keyin o‘z uslubida chap oyog‘ida zarba berib, o‘yinga nuqta qo‘ydi.

Saralash doirasidagi bir o‘yinda het-trik va ikki golli pas — Janubiy Amerikada bunaqasi 2009 yildan buyon kuzatilmagandi. Taqdir hazili shundaki, bir futbolchining bundan oldingi bunday benefisi ham Argentina va Boliviya jamoalari ishtirokidagi o‘yinda ro‘y bergandi. O‘shanda Messi maydonda edi, murabbiylik o‘rindig‘ida esa boshqa bir afsona — Diyego Maradona o‘tirgandi. Ammo o‘sha kunni butun mamlakat xotirasidan o‘chirib tashlashni istaydi, chunki o‘shanda argentinaliklar Boliviya maydonida sharmandali hisobda (6:1) mag‘lub bo‘lishgandi. Hoakin Botero esa klassik «shlyapa tryuki»ga assistentlik bo‘yicha ham het-trikni qo‘shib qo‘ygandi.