17:26 / 20.12.2022
28023

Amerikalik ekspertlar Rossiyaning Donbassdagi hujumini kutmoqda. Bu nimaga olib kelishi mumkin?

Rossiya armiyasi qayta guruhlanishi va Donetsk oblasti g‘arbida yangi yurish boshlashi mumkin, deb hisoblamoqda Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) ekspertlari. Hozirda buning ehtimoli qanchalik yuqori? Jang maydonida nimalar bo‘lmoqda? Ukraina nimani rejalashtirmoqda?

Foto: Kateryna Klochko / AP / Scanpix / LETA

Rossiyaliklarning Xersonda Dnepr daryosining o‘ng sohiliga o‘tkazilgan va bo‘shagan harbiy bo‘linmalari Donbassning turli nuqtalariga qayta joylashtirildi va safarbar qilingan kuchlar bilan kuchaytirildi. Katta ehtimol bilan, Rossiya qo‘shini noyabr oyida Vugledar va Pavlovka hududlarida erishilgan muvaffaqiyatlarni mustahkamlash uchun Donetsk oblastining g‘arbiy qismida hujum boshlashga umid qilmoqda, deya yozadi ISW.

Uning ekspertlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Luhansk oblastining ichkari hududlaridan front chizig‘iga og‘ir texnikalarni olib kelmoqda.

Sovuq kunlar kelishi bilan Rossiya armiyasi Ukrainaning Luhansk va Donetsk oblastlarida butun front chizig‘i bo‘ylab faollashgani sezilgan. Rossiyaliklarning Baxmut hududidagi hujumlari davom etmoqda - shaharga sharq tomondan to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilinmoqda, shuningdek janubdan aylanib o‘tish (Opitnoye va Kurdyumovka hududlaridan) orqali va shimoldan (Soledar atrofidan) hujumlar amalga oshirilmoqda.

Donetskning shimoli va g‘arbidagi Ukraina nazoratida bo‘lgan hududlar - Avdeyevka va Marinka aholi yashash manzillari uchun janglar boshlangan. Oblast markazidan janubi-g‘arbdagi Novomixaylovkaga bosim davom ettirilmoqda. Rossiya bo‘linmalari Luhansk oblastida ham - Svatovo va Kreminna hududlarida qarshi zarba berishga urinmoqda.

«Ular 30 kishidan iborat bo‘lgan guruhlar bilan kelishda va biznikilarni siqib chiqarishga urinishda davom etishmoqda. Qurbonlar ko‘pligi ularni tashvishlantirmaydi. Biri yiqilsa boshqasini qo‘yishadi, kelishadi, kelishadi va yana kelishadi, bizni barcha tomondan o‘rab olishga intilishadi. Zombilar kabi yopirilishadi, ularni hech narsa to‘xtata olmaydi», deya hikoya qiladi Baxmut atrofida jang qilayotgan ukrain harbiylaridan biri.

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin ham Baxmut atrofida «qonli janglar ketayotgani» haqida aytgan: «Raqib shundan darajada qarshilik ko‘rsatmoqdaki, bunaqasi so‘nggi yuz yillikda hali kuzatilmagan».

Pravda.Ru portali muxbirining Baxmut atrofidagi Opitnoye posyolkasi egallangani haqida tarqalgan xabarlar (Rossiya nashrlari bu haqda bir necha bor xabar tarqatgan) qanchalik haqiqatga yaqinligi haqidagi savoliga javoban Prigojin shunday javob qaytargan: «Sakramay sakradim deyishga shoshilma. «Vagner» shturmchi otryadlarida shunday qoida bor - biror aholi yashash manzili egallanganida, bu haqda ikki kun hech kimga aytilmaydi. Raqibning barcha qarshi hujumlariga bardosh bering va shunday keyin xabar qilib, Rossiya bayrog‘ini ko‘taring».

Baxmut Ukraina armiyasi nazoratida qolmoqda, ammo shahar kuchli darajada vayron bo‘lgan va uni vayron qilish davom etmoqda.

Rossiya bo‘linmalarining Donetsk oblastidagi yurishlari va Luhanskdagi qarshi hujumlari taxminan bir oy oldin boshlangandi. Ayrim yo‘nalishlarda Ukraina hududi ichkarisiga kirib borilgan, ammo buni faqat keng ko‘lamli xaritalarda ko‘rish mumkin.

ISW ekspertlari yangi hujum amaliyotlari uchun salohiyatga ega bo‘lsa-da, Rossiya qo‘shinlarining jangovar samaradorligi pastligicha qolayotgani va ular yaqin oylarda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hududni egallay olishi dargumonligini aytmoqda.

«Putinning generallarini hududlar tashlab ketilishini o‘z armiyasini saqlab qolish zarurati bilan izohlagani uchun so‘kishdi. Endi ular ancha qiyin suhbatga kirishdi», - degan Buyuk Britaniya mudofaa shtabi boshlig‘i, admiral Entoni Radakin Qirollikning birlashgan mudofaa tadqiqot institutida (RUSI) qilgan chiqishida.

«Putinning generallari va vazirlari unga nima deyishdan qo‘rqishlari mumkinligini aytsam: Rossiya artilleriya o‘q-dorilarining keskin tanqisligiga duch kelmoqda. Bu Rossiyaning quruqlikda muvaffaqiyatli hujum amaliyotlari amalga oshirish qobiliyati tezlik bilan pasayib borayotganini anglatadi», - degan Radakin.

«Bunday hech qanday jumboq yo‘q. Putin 30 kunlik urushni rejalashtirgandi, ammo rossiyaliklarning qurollari qariyb 300 kundan buyon otmoqda. Omborlar bo‘shab qolgan. Ruhan, konseptual va jismoniy jihatdan Putinning kuchi tugab bormoqda», deb hisoblaydi u.

Muvaffaqiyat keltirmasligi aniq bo‘lgan hujumlarning nima keragi bor?

Rossiya armiyasining hozirgi hujum harakatlarini, kuzda bo‘lgani kabi, barcha qadamlari majburiy bo‘ladigan vaziyatga tushib qolmaslik uchun strategik tashabbusni qo‘ldan boy bermaslik istagi bilan izohlash mumkin.

Bundan tashqari, Rossiyada frontdagi og‘ir muvaffaqiyatsizliklardan keyin vaqtdan yutishi va kuchlarini jamlashi zarur.

Ringda halokatli apperkotdan keyin oyoqda turib qolgan bokschi ham o‘zini shunday tutadi. U «zarbaga turib berish» qobiliyatini namoyish etadi - hujumga tashlanadi, raqibga u bilan hech qanday qo‘rqinchli narsa bo‘lmaganini, kuch va energiyaga to‘la ekani, juda g‘azabga mingani va hech narsadan qo‘rqmasligini ko‘rsatishga urinadi.

«Ular [rossiyaliklar] biz qayta guruhlanishimiz va zarba berishimizga to‘sqinlik qilish uchun imkon doirasidagi barcha ishni qilishmoqda. Ular bizning qo‘shinlarimizni janglar bilan band etib, qayta guruhlanishga yo‘l qo‘yishmaydi. Albatta, ular qattiq kurash olib borayotgani yomon fakt. Ammo bu strategik muammo yechimi emas. Bu shunchaki Ukraina qurolli kuchlarini holdan toydirishga urinish», degan Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, general Valeriy Zalujniy Economist jurnaliga bergan intervyusida.

Zalujniy Donbassdagi vaziyatni Rossiya armiyasi uchun strategik jihatdan yengib bo‘lmas vaziyat deb hisoblagan, ammo u rossiyaliklar Ukraina hududlarini, jumladan Kiyevni egallash rejasidan voz kechmagani va yangi resurslarni tayyorlayotganiga shubha qilmaydi.

«Ular 100 foiz tayyorlanishmoqda. O‘q-dorilarni tayyorlashmoqda. Eng yaxshi sifatda emas, lekin baribir bor. Bu ikki yil sulh bo‘lgan taqdirda ular to‘plashi mumkin bo‘lgan resurslar bo‘lmasligi aniq. Hecham unaqa bo‘lmaydi. Ular yaroqsiz bo‘ladi va ularning jangovar salohiyati juda, juda past bo‘ladi. - Agar hatto u [Putin] Jukov kabi yo‘liga jasadlarni to‘shash uchun yana million odam yig‘sa ham, bu baribir istalgan natijani keltirmaydi», degan Zalujniy.

«Shuning uchun bizning keyingi muammomiz - bu birinchi navbatda o‘z liniyamizni ushlab turish va boshqa hududlarni yo‘qotmaslik. Bu eng muhimi. Chunki hududlarni ozod qilish uni tutib turishdan 10-15 barobar qiyinroq», - degan general.

Donbassga yurish: Rossiya armiyasi uchun plyus va minuslar

Plyuslar

Ukrainaning shimoliy va janubiy oblastlaridan farqli o‘laroq (bu hududlarda Rossiya armiyasi qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi), Donbassdagi vaziyat rossiyaliklar uchun logistika nuqtayi nazaridan nisbatan qulay.

Hududni egallash va uni nazorat ostiga olish - bir xil ish emas. Janub va shimoldagi okkupatsiya qo‘shinlari atrofni dushman kuchlari o‘rab turgan holatda buni darhol his qilishgan va aloqa liniyalari naqadar uzoq cho‘zilsa, shu qadar zaif bo‘lishini anglagandi.

Xerson guruhining ta’minotini to‘laqonli olib borishning imkoni yo‘qligi avvaliga Rossiya bosh shtabini Mikolayiv va Kriviy Rihga yurish qilish rejasidan voz kechishga, keyin esa Dneprning chap sohiliga qaytishga majbur qildi. Xuddi shu kabi vaziyat bahorda Kiyev va Chernihiv oblastlarida kuzatilgandi, Xarkiv oblastida esa vaziyat butkul harbiy halokatga aylanishiga bir baxya qoldi.

Donbassda esa Rossiyaning 24 fevral kungi bosqiniga qadar ham Moskvaga sodiq «xalq respublika»lari hududi orqali yo‘lga qo‘yilgan ta’minot liniyalari va front chizig‘ida yaxshi mustahkamlangan istehkomlar mavjud edi.

Aftidan, Rossiya armiyasi kamida Donbassdagi oldingi chiziqlarga o‘q-dori yetkazib berish masalasini hal qilgan. Yoz oxirlarida Ukraina armiyasi ixtiyoriga amerikaliklarning HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari yetib kelishi tufayli yomonlashgandi, ukrainlar bunday qurollar bilan rossiyaliklarning front chizig‘iga yaqin joylashgan artilleriya qurollari uchun o‘q-dori omborlarini bombardimon qilishgan va Rossiya qo‘mondonligini bunday omborlarni ancha ichkariroqqa ko‘chirishga majbur qilgandi.

Hozirda guvohlar xabar qilishicha, frontning ayrim uchastkalarida Rossiya artilleriyasi yana xuddi yozdagi kabi anchagina intensiv o‘t ocha boshlagan.

Donbassdagi yurishning yana bir plyus tomoni - qandaydir bo‘lsa-da motivatsiya borligidadir. Har bir askar qachon yoki qanday maqsadga erishilishi bilan harbiy harakatlar yakunlanishini bilishni istaydi. Rossiya oliy rahbariyati «maxsus harbiy amaliyot» vazifalarini aniq belgilab bera olmaydigan yoki buni istamaydigan sharoitda, har bir qo‘mondon bu vazifalarni o‘z bilganicha talqin etishi va qo‘l ostidagilarni natijalarga erishishga undashi mumkin.

Masalan - Baxmutni oling, tamom. Yoki Baxmutni oling, uyog‘i Kramatorskka qo‘l yetgulik, keyin Donetsk oblasti chegaralariga chiqamiz - va tamom. Jangchilar bunga ishonishni istaydi. Nima bo‘lganda ham, Putin «DXR» va «LXR» hududlarini «ozod etish»haqida nimadir degandi.

Minuslar

Katta miqdorda piyoda askarlar ishtirok etuvchi harbiy amaliyotlarda, hujum qiluvchi tomon himoyalanayotgan tomondan ko‘ra yomonroq sharoitda bo‘ladi. Dushman pozitsiyalarini shturm qilish chog‘ida bemisl yo‘qotishlarga duchor bo‘linadi.

Agar hujum qilayotgan tomon operativ muvaffaqiyatga erishib, uni rivojlantira olsa, masalan, raqibni qurshovga olib, uni yordamdan kesib qo‘ysa, vahimaga tushib chekinishga yoki taslim bo‘lishga majbur qilsa, tomonlarning yo‘qotishlari tenglashadi. Agar bunday muvaffaqiyat yoki uning rivoji kuzatilmasa, mudofaalanayotgan va hujum qilayotgan kuchlar o‘rtasida o‘ldirilgan va yarador bo‘lgan yoki asir tushganlar soni nisbati hech qachon ikkinchisining foydasiga bo‘lmaydi. Bu nisbat 1:5, 1:10 va undan kattaroq bo‘lishi mumkin - propagandachilar buning aksiga ishontirishga har qancha urinmasin.

Qishki sharoitda bu masala yanada keskinlashadi - jarohatlanish yoki jang maydonida harakatsizlik holatida omon qolish uchun imkoniyat keskin tushib ketadi. Bu birinchi navbatda hujum qilayotganlarga taalluqli.

Foto: Getty Images

Qo‘qqisdan hujum qilish omili yo‘qligi - har qanday harbiy amaliyotda shubhasiz minusga ishlaydi. Raqib hujumni to‘liq qurollangan holda qarshi olishga tayyor turadi.

Donbassdagi harbiy harakatlarning kuchayishiga bunga qadar Xerson atrofida turgan Rossiya bo‘linmalari bo‘shab, boshqa yo‘nalishlarga, jumladan Donetsk-Luhansk yo‘nalishlariga tashlangani ham sababdir.

Ammo rossiyaliklar Xersondan chekingach, Ukraina qurolli kuchlarida ham anchagina qo‘shin bo‘shadi. Ular ayni vaqtda qaysi nuqtalarga joylashtirilgani to‘g‘risida ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q. Bu esa ular istalgan joyda paydo bo‘lishi mumkin deganidir.

Yana bir omil bor (G‘arbdagilar ham, rossiyalik ekspertlar ham shunga e’tibor qaratmoqda) - Rossiya jamoatchiligi harbiy yo‘qotishlarni yetarlicha his qilmayapti. Rossiya qo‘mondonligi uchun bu, ehtimol, yaxshi belgi - ular birinchi navbatda shaxsiy tarkib o‘limi uchun emas, balki natija yo‘qligi uchun so‘roqqa tutiladi. Ukraina zambaraklari va pulemyotlariga yem bo‘lish uchun yo‘llanayotganlar uchun esa buning aksi - yaxshi belgi emas.

«Rossiyaliklarning safarbarligi ish berdi. Ularning muammolari juda yomonligi va bu odamlar jang qilmasligi haqidagi gaplar to‘g‘ri emas. Ular urushadi. Shoh ularga jang qilishni buyurdi va ular jangga kiradi», - degan Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top