16:44 / 27.12.2022
35976

18 bolani o‘ldirgan beparvolik. Davlat retsepsiz dori savdosini darhol to‘xtatishi kerak

Bugun O‘zbekiston farmatsevtika biznesi shu darajada “taraqqiy” etdiki, bu “taraqqiyot” fuqarolarning kasalxonaga borishlariga ham hojat qoldirmayapti. Kun.uz bu borada kichik bir tajriba o‘tkazdi. Bir nechta dorixonalarga kirib, bizni turli kasalliklar bezovta qilayotganini aytganimiz hamono, dorixonachilarning takliflaridan lol qoldik.

O‘zingiz yoki yaqiningizga biror xastalik yetib, og‘rib qolsa, avvalo shifokorga borasizmi yoki dorixonaga qarab yugurasizmi? Ikkinchi tanlov osonroq, qulayroq va yaqinroqdek, a? Chunki qo‘lingizda shifokor tashxisi yo‘q bo‘lsa ham, dorixonachiga dardingizni aytsangiz kifoya: ular hech qanday asos so‘ramasdan, siz keltirgan ta’riflar asosida dorilar tavsiya qiladi.

Biz bozordagi xaridor emas, bemor bo‘lsak ham, buning hech kimga qizig‘i yo‘q. Deyarli hech bir dorixonachi xaridordan shifokor tavsiyasini so‘ramaydi. Retsepsiz foydalanish mumkin bo‘lgan vitaminlar komplekslari mayliku-ya, ammo taklif etilayotgan boshqa aks ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan dorilar-chi?

Aslida ko‘plab shifokorlarga ham ishonish qiyin: dorishunoslar-u dorixonalar bilan “tili bir” bo‘lgan holatlar ko‘p. Biroq jon ko‘zga ko‘ringanida kimgadir ishonish kerak-da, aksariyat insonlar shifokorlar tavsiya qilayotgan, ayniqsa, olishing shart, deya uqtirilgan dorilarni puli bo‘lsa-bo‘lmasa, cho‘ntagida, yonida, hovuchida nimaiki bo‘lsa berib, sotib oladi. Natija esa mavhum. Chunki O‘zbekistonda bemorning tuzalishidan ko‘ra dorilarning sotilishi manfaatliroq.

Haqli savollar bor: yillar o‘tsa-da yechimini topmayotgan bu tizim qachondir o‘z yo‘liga tushadimi? Nahotki, qurbonlar berib ham hech kimning ko‘zi, ko‘ngli ochilmasa? Preparatlarning retsepsiz sotilishi, shifokorlarning bo‘lar-bo‘lmas dorilar tavsiya qilishi, xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining sifat nazorati, umuman, bemorlarning tuzalishi Yangi O‘zbekistonda kimnidir qiziqtiradimi? Xullas, savollar ko‘p, ammo javob ham, javob beruvchi ham yo‘q.  

Top