13:03 / 28.12.2022
3891
O‘zbekistonda Afg‘onistondagi vaziyatni tahlil va monitoring qilish markazi tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistondagi afg‘on opiatlari noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha eng muhim tuzilma – Parij pakti tashabbusi maslahat guruhining Vena yig‘ilishi va BMT Narkotik moddalar bo‘yicha komissiyasi sessiyasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Delegatsiya a’zolarining BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT NJB) mas’ul xodimlari bilan o‘tkazgan tadbirlari va uchrashuvlari chog‘ida respublikada narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish masalalari, transchegaraviy hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro loyiha va dasturlar muhokama qilindi.

Respublikaning Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyasi e’lon qilindi, O‘zbekiston tomonidan afg‘on xalqiga ko‘rsatilayotgan yordam, rasmiy Toshkentning ushbu mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishdagi ishtiroki, Xalqaro transport va logistika xab faoliyati, Termiz shahridagi Ta’lim klasteri, shuningdek,  respublika rahbariyatining tashabbusi bilan BMT shafeligida tashkil etilgan Xalqaro muzokaralar guruhi  faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Afg‘oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi ekani, bu mamlakatdagi mustahkam tinchlik butun mintaqa barqarorligi va farovonligi garovi ekanligi alohida ta’kidlandi.

BMT NJB rasmiylari tomonidan bildirilgan fikrlarga ko‘ra, O‘zbekiston Parij paktini amalga oshirish va afg‘on narkotrafikiga qarshi kurash bo‘yicha Markaziy Osiyodagi asosiy davlat hisoblanadi. Ular O‘zbekistonda tashkil etilgan Afg‘onistondagi vaziyatni tahlil va monitoring qilish ilmiy-tadqiqot markazining afg‘on narkotrafikiga oid dolzarb statistika ma’lumotlarini olishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Top