16:56 / 28.12.2022
6536

«Uzbekistan Airways»: dekabrda samolyotlar 58 marta boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan

Foto: KUN.UZ

26 dekabr holatiga ko‘ra, «Uzbekistan Airways» 1 ming 957 ta aviaqatnovni amalga oshirgan, shuning yarmidan ko‘pi, 1 ming 136 tasi kechiktirilgan. Noqulay ob-havo sharoiti tufayli havo kemalari 58 marta majburiy ravishda boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan.

«Uzbekistan Airways» AJ axborot xizmati rahbari Kamola Ikromovaning AOKAda o‘tgan brifingda aytishicha, bunday holatlar Navoiyda 13 marta, Namanganda 8 marta, Buxoroda 3 marta, Samarqandda 14 marta, Toshkentda 10 marta, Farg‘onada esa 7 marta kuzatilgan.

Shuningdek, aviakompaniya matbuot kotibi noyabrda 2 ming 290 ta aviaqatnov amalga oshirilgani, shundan 925 tasi kechiktirilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, parvozlar 2 ta asosiy sabab bilan kechiktiriladi yoki umuman amalga oshirilmaydi.

«Bulardan biri – aviakompaniya sabab, ya’ni havo kemasi texnik xizmat ko‘rsatishga muhtojligi, havo kemasining belgilangan manzildan kech yetib kelgani, aviakompaniya tomonidan reys bekor qilinishidir. Ikkinchi sabab esa noqulay ob-havo sharoiti, ya’ni kuchli va qum shamoli, qattiq tuman, kuchli qor bo‘roni, mahalliy aeroportlarning vaqtinchalik yopilishi hisoblanadi», dedi u.

«Uzbekistan Airways» tomonidan kechiktirilgan yoki bekor qilingan hollarda yo‘lovchilarga 2 soatdan yuqori bo‘lgan kutish vaqtida suv, 4 soatdan 6 soatgacha bo‘lgan kutish jarayonida issiq taom taqdim etiladi. Agar kutish vaqti kunduzi 12 soatdan, kechasi 6 soatdan oshsa, yo‘lovchilar mehmonxona hamda issiq ovqat bilan ta’minlanadi.

«Noqulay ob-havo sharoiti sabab aviaqatnovlar kechiktirilgan yoki bekor qilingan hollarda esa yo‘lovchilar aviachiptalarning to‘liq qiymatini chipta sotib olingan joyda qaytarib olishlari yoki boshqa sanaga bepul qayta bronlash huquqiga ega.

O‘zbekiston hududida amalga oshirilayotgan reyslarning uchib kelish terminali turli sabablarga ko‘ra o‘zgarsa, yo‘lovchilar aviakompaniya tomonidan o‘z manzillariga yer transporti orqali yetkazib qo‘yiladi. Agar bu jarayon amalga oshirilmasa, yo‘lovchilarga aviakompaniya tomonidan aviachipta tarif turi va yetib borish manzilidan kelib chiqqan holda 25% miqdorida kompensatsiya to‘lanadi. Xorijiy mamlakatlardagi qo‘nish terminali o‘zgargan hollarda aviakompaniya yo‘lovchilarni o‘z manzillariga yetkazib qo‘yishga javobgar hisoblanadi», deyiladi rasmiy izohda.

Top