21:18 / 30.12.2022
28027

BYD va UzAuto yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi mashinalar ishlab chiqarish bo‘yicha korxona tashkil etdi

Bugun BYD (Build Your Dreams) va «O‘zavtosanoat» AJ (UzAuto) yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil qilish kelishuvini imzolaganini e’lon qildi. 

Foto: BYD

Eng ommabop yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillar, jumladan, DM-i turidagi supergibrid modellar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi mazkur qo‘shma korxona O‘zbekistonda joylashishi rejalashtirilgan.

1995 yilda tashkil topgan BYD kompaniyasi hozirda dunyoning yetakchi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillar ishlab chiqaruvchisidir. 27 yildan ziyod akkumulyator batareyalarini loyihalashtirish va ishlab chiqarish tajribasiga ega mazkur kompaniya jahonda o‘zining yetakchi innovatsiyalari, jumladan, elektromobillar ta’minot zanjiriga to‘liq egaligi bilan mashhurdir. 

BYD Europe va Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshqaruvchi direktori Maykl Shu shunday dedi: “Biz UzAuto bilan O‘zbekistonda yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillarni ishlab chiqarishdek muhim jarayonda hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz. O‘zaro manfaatli hamkorlik BYD strategiyasining asosiy negizi bo‘lib, xuddi shu maqsad bilan hamohang bo‘lgan kompaniya bilan hamkorlik qilish juda muhimdir. Ushbu qo‘shma korxona orqali xaridorlarga o‘zimizning eng zamonaviy mahsulotlarimizni va texnologiyalarimizni ishlab chiqarib yetkazib berishni maqsad qilganmiz”.

«O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umrzoqov esa shunday dedi: “BYD dunyoda yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillarni ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyadir. BYD texnologiyasi bilan UzAuto ishlab chiqarish imkoniyatlarining uyg‘unlashuvi O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarda yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillarning ommalashuvini jadallashtiradi. Qo‘shma korxona tashkil etish va eng ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish bizning kompaniyalarimizning uzoq muddatli strategik hamkorligining boshlanishidir. "O‘zavtosanoat" BYD kompaniyasi bilan hamkorlik qilishdan juda mamnun va ishonamizki, kelajakda ushbu hamkorlikni kengaytirishning juda ko‘p imkoniyatlari mavjud”.

Yangi tashkil etilgan qo‘shma korxona orqali UzAuto va BYD kompaniyalari Markaziy Osiyo va undan tashqari hududlarda yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillardan, ularning ekologik ustunliklaridan foydalanishni kengaytirish va bozorini yanada rivojlantirishni maqsad qilgan.

Reklama huquqi asosida

Top