11:42 / 04.01.2023
16546

O‘quvchilar kimyo, fizikani yaxshi o‘qiyotganmidi? – haypga aylangan fikr va asl ahvolimiz

O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzod Qudratxo‘janing fizika va kimyo fanlari o‘rniga kreativ fanlar qo‘yish kerakligi haqidagi fikrini deyarli hamma tanqid qilmoqda. Ayni shu mavzu ko‘tarilganda yangi tashkil etilgan Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi bu fan darsliklari, o‘qitish metodlarini bir ko‘rib chiqar balki. Sababi bu fanlardan o‘quvchilarning o‘zlashtirishi havas qilarli emas.

Foto: KUN.UZ

Haypga sabab bo‘lgan fikr

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori va O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzod Qudratxo‘ja press klub davomida fizika va kimyo fanlari o‘rniga kreativ fanlar qo‘yish kerakligi haqida fikr bildirgan. Uning fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.

“Hozir maktabda 22 ta fan bor. Endi yoshlarga kreativ sohalarda dars berishimiz kerak. Fanlarni ham, dars soatlarini ham ko‘rib chiqishimiz kerak. Masalan, esimda, maktab o‘qigan davrimizda kimyoning, fizikaning  ichiga juda chuqur kirib ketardik. Men o‘zim ham qiynalardim. Bugun hayotimda bu fanlar kerak bo‘lmaydi. Balki bugun biz bolalarga boshqa fanlarni o‘qitarmiz”, – degan u.

Ushbu jumlalar tanqidlarga uchragach, Sherzod Qudratxo‘ja o‘z fikrini izohlab videomurojaat qoldirdi. Videoda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan gapini noto‘g‘ri tushunmasliklarini so‘rab, kelajakda gumanitar sohani egallaydigan o‘quvchilarga fizika yoki kimyo fanlarini o‘qitish kerakligi, har bir inson qaysi kasbni tanlamasin, mavjud ilmiy paradigma asosida dunyo qanday tuzilganini bilishi shartligini ham qo‘shimcha qilgan.

Holatga Maktab va maktabgacha ta’lim vaziri Hilola Umarova ham munosabat bildirib, fizika va kimyo o‘qitilishi bekor qilinishi hech bir asosga ega emasligini ma’lum qildi.

Fizika va kimyodan ahvolimiz qanday?

Garchi ko‘pchilik tomonidan fikrlar tanqid qilinib, bu ikkala fanning ahamiyati aytilayotgan bo‘lsa-da, asl holatda maktab bitiruvchilarining kimyo va fizikani o‘zlashtirish darajasi havas qilarli emas. Ya’ni bu fanlarni o‘quvchilar yaxshi o‘qiyapti deb aytish qiyin. Aksar o‘quvchi ijtimoiy fanlar: tarix, ona tili, chet tiliga ko‘proq urg‘u bermoqda. Buni OTMga kirish imtihonlarining natijalari orqali ham tahlil qilish mumkin.

Masalan, O‘zbekiston milliy universiteti kunduzgi ta’lim fizika yo‘nalishida kontrakt uchun o‘tish balli 92,4 ballni (maksimal ball – 189), kimyoga esa 78,5 ballni tashkil qilgan. Solishtirish uchun ko‘rish mumkinki, tarix yo‘nalishining kontraktiga o‘tish balli 154,35 ball, filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tiliga o‘tish balli esa 140,7 ballni tashkil qilgan.

Yoki ijtimoiy fanlardan imtihon olinadigan Toshkent davlat yuridik universitetining kontraktiga ilinish uchun ham 165 balldan kam to‘plab bo‘lmasligi, aksincha, fizikadan imtihon olinadigan Toshkent davlat texnika universitetining qaysidir yo‘nalishi kontraktiga ilinish uchun 65 ball ham yetarli ekani haqiqiy ahvolni ko‘rsatadi.

Mana shu solishtirishning o‘zi ham hayp ko‘tarilishi bahonasida mas’ullarni yana bir marta o‘ylantirishi kerak.

Nima uchun?

Sababi fizika va kimyo bugun dunyoni yangi bosqichga olib chiqayotgan innovatsiya va yangi fanlarning asosini tashkil qiladi. Bu fanlarni yaxshi o‘zlashtirish innovator bo‘lish imkonini beradi.

Fizika atrofimizdagi dunyo qanday tuzilganini anglash imkonini beradi. Telefon apparatidan tortib o‘pka, miya faoliyati, mashinalar ishlashi, kameraning qanday tasvir olishi – hammasining harakatini fizika yordamida o‘rganish mumkin.

Fizikani o‘qish insonning tahlil qilish va muammolarni yechish qobiliyatini rivojlantiradi. Bu qobiliyatlar muhandislik, tibbiyot, qolaversa, iqtisod, menejment, huquq, moliya kabi yo‘nalishlarda ham asqatadi.

Fizikaning karera uchun ham ahamiyati katta. Bu fanni yaxshi o‘qigan kadr dunyo miqyosidagi kasb bozorida ham eng yangilarini egallashi mumkin bo‘ladi. Lazer muhandisligi, optik muhandislik, dasturiy muhandislik, data analitik kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.

Xuddi shuningdek, kimyo ham muhimlik darajasi yuqori fan hisoblanadi. Yer, suv, havo, o‘simliklar va hattoki inson ham kimyodan iborat. Daraxtlar bargi nega sarg‘ayadi, o‘simliklar nega yashil, sovun qanday qilib kirlarni ketkazadi degan qiziqarli savollarga javob topish uchun ham kimyoni bilish kerak. Hatto kichik yoshli bolasi bor onalar ham kimyoni tushunsa, farzandining ko‘p savollariga javob topishlari mumkin.

Bundan tashqari, kimyoni yaxshi bilish ko‘plab daromadli kasblarni egallash imkonini ham beradi. Masalan, Mendeleyev olimpiadasida kumush medal olgan kimyoni yaxshi ko‘radigan o‘quvchi qiz Maftuna Badalova Kun.uz’ga bergan intervyusida kelajakda nano va ilg‘or texnologiyalar yo‘nalishini tanlamoqchi ekanini aytgandi.

Bizda fizika, kimyo darsliklari murakkabmi?

Sherzod Qudratxo‘janing fanlar haqida aytgan kichik video parchasi haqida ko‘pchilik o‘z fikrini yozib qoldirmoqda.

Biolog olim Baxtiyor Abdug‘afur yozadi:

“...aniq fanlar o‘zi qiyin emas. Lekin darsliklarimiz haddan tashqari qiyinlashtirib tashlangan va bolalarni bezdirib yuborgan. Fanlarni tushuntirishning eng sodda va qulay usullari bor. Buning uchun na fin tajribasi, na yana qandaydir pedtexnologiyalar shart emas. Mavzu haqida tasavvur bo‘lsa, qolganini bola o‘zi qidirib topadi.

Kimyo eng sevgan fanim edi. Rahmatli ustozimiz juda sodda tushuntirardilar, kitobning keragi yo‘q edi. Qiziqish ustun kelib, Muftaxovning “Kimyodan olimpiada masalalari va ularning yechimlari”, Magdeseyevaning “Kimyodan masalalar”, Budrujakning “Olimpiadnyye zadachi po ximii”, “Polskiye ximicheskiye zadachi” kitoblarini qidirib topib o‘qiganman. Muftaxovning kitobini Toshkentdan olib kelib berishgan, xazina topgandek edim, 9-sinfda o‘qirdim.

Kuzatishim bo‘yicha bizning xalq bolalari aniq fanlarga ko‘proq qiziqadi. Fanning murakkab masalalarini yecha olish qobiliyati kuchli. Aniq fanlarni o‘qitishni soddalashtirish kerak. Kerak bo‘lsa, sho‘ro davri darsliklari tajribasini olish kerak. Bolalarni bezdirish emas, intilishlarini rag‘batlantirish kerak.

Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, zamonaviy fan asosi kimyo va biologiya bo‘lgan nanotexnologiya va nanobiotexnologiyani o‘rganmoqda”.

Kimyogar-texnolog, “Zulfiya” mukofoti laureati Dilnoza Tursunova:

“Men kimyogar texnologman!

Bolaligimda adabiyotga va she’riyatiga qiziqar edim. Lekin majburiy ta’lim davomida kimyo faniga bo‘lgan qiziqishim ortgan va adabiyotdan uzoqlashib, kimyo fanini chuqur o‘rganishga ahd qilganman.

Maktabda kimyo va fizika fanlari murakkab bo‘lgani uchun ham o‘zlashtirish qiyinligi rost. Bu fanlar majburiy o‘tilishi bilan bolalar fizik yoki ximik bo‘lib ketmaydi, fanlar ulardagi boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun ham zarur.

Kelajak kasblarini tanlashda ham bu fanlarning ahamiyati katta va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, farmatsevtika, atrof-muhit muhofazasi, neft-gaz sanoati, silikat moddalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish jarayonlari kimyo fani bilan chambarchas bog‘liq.

Fizika fani esa energetika, mexanika, astronomiya, jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqa ko‘plab hayotiy voqealar bilan uzviy bog‘liq.

Men uchun bu fanlar hech qachon kerak bo‘lmagan deyishga shoshilmang! Benzin, propan, metan, freon, etil spirti, sement va boshqalar siz uchun tanish so‘zlar shundaymi? 220 volt yozuvi bilan esa deyarli har kuni to‘qnashamiz.

Agar fizika va kimyo sohasini mukammal o‘zlashtirib olganimizda edi, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida o‘tkazilayotgan vaqtingiz, dorilardan vafot etayotgan bolalaringiz, elektr energiyasidagi va boshqa ko‘plab muammolarga yechim topgan bo‘lar edik.

Xullas, bu fanlar juda muhim va amaliy ahamiyatga ega hisoblanadi”.

Haypning yaxshi tomoni

Hamma narsaning yaxshi tomoni bo‘lganidek, aniq fanlar mavzusi ko‘tarilib qolgan ekan, shu voqea fonida yangi tashkil etilgan Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi fizika, kimyo darsliklarining hozirgi holati, sodda-murakkabligi va amaliyot bilan qay darajada bog‘langanini, o‘qitish metodlarini bir ko‘rib chiqar balki.

Top