O‘zbekiston | 12:44 / 03.01.2023
25856
4 daqiqa o‘qiladi

«Fizika, kimyo murakkab emas, hayotga tayyorlaydigan bo‘lishi kerak» – Sherzod Qudratxo‘ja tarmoqlarda hayp bo‘lgan gapiga izoh berdi

O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzod Qudratxo‘ja maktablarda fizika, kimyo fanlarini chuqurlashtirib o‘tmaslik haqidagi gapi e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Bu masalada maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham munosabat bildirdi.

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘ja press klub davomida maktablarda fizika, kimyo fanlari o‘rniga kreativ fanlar qo‘yish kerakligini yoqlab chiqqan.

«Hozir maktabda 22 ta fan bor. Endi yoshlarga kreativ sohalarda dars berishimiz kerak. Fanlarni ham, dars soatlarini ham ko‘rib chiqishimiz kerak. Masalan, esimda, maktab o‘qigan davrimizda kimyoning, fizikaning juda chuqur ichiga kirib ketardik. Men o‘zim ham qiynalardim. Bugun hayotimda bu fanlar kerak bo‘lmaydi. Balki bugun biz bolalarga boshqa fanlarni o‘qitarmiz», – degan u.

Bu jumlalar turli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning jiddiy e’tirozini keltirib chiqardi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hayot fizika va kimyo ustiga qurilgani sabab bu fanlarni qisqartirish yoki olib tashlash haqidagi fikrni keskin qoralashgan

Mazkur mavzuda davom etayotgan muhokamalar bo‘yicha yangi tashkil etilgan maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham o‘z munosabatini bildirdi. U fizika va kimyo fani maktab o‘quvchilariga o‘qitilishi bekor qilinishi haqidagi fikrlar hech bir asosga ega emasligini ma’lum qilgan.

«Fizika va kimyo kabi fundamental fanlarni o‘qitish asnosida insonning fikrlash qobiliyati rivojlanadi. Bunday salohiyatga ega bo‘lgan shaxs esa hodisalarni tahlil qilish, tushunish va tushuntirishga qodir bo‘ladi. Shunday ekan, ta’lim sohasiga mas’ul rahbar sifatida ushbu fundamental fanlarning maktab o‘quvchilariga o‘qitilishi bekor qilinishi haqidagi fikrlar hech bir asosga ega emasligini va bunday xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilaman.

Aksincha, endilikda biz maktablarda ushbu fanlarni o‘qitishni amaliyot bilan bog‘lash ustida bosh qotirishimiz va buning uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga bor e’tiborimizni qaratishimiz zarur», – deb yozgan Umarova Telegramʼdagi rasmiy sahifasida.

Shundan so‘ng Qudratxo‘ja gaplari kontekstdan yulib olinib, xato talqin qilinganini aytib, videomurojaat bilan chiqdi.

«Meni to‘g‘ri tushunishingizni xohlardim, albatta, bizga fundamental aniq va tabiiy fanlar judayam kerak. Fanlardan shu paytgacha akademik, murakkab tarzda dars berilgan. Menimcha ko‘pchilik bu gapga qo‘shilsa kerak.

Ko‘ryapsiz, mana shuncha yillar davomida ta’limda ko‘p muammolar kelib chiqdi. Shulardan eng asosiylaridan biri – bolalarimizga islohotlar qilish. Sababi vaziyat juda og‘ir.

Bugun shu darsliklar qayta ko‘rilib chiqilayotgan va islohotlar boshlangan paytda, farzandlarimiz o‘qiyotgan fanlari ham oddiy hayotga mos, hayotiy bo‘lishi kerak. Qachonki ular hayotiy, juda akademik murakkab darajada bo‘lmasa, farzandlarimizga ko‘p foydasi tegadi», – degan u izohida.

Qudratxo‘ja ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan uning gapini noto‘g‘ri tushunmasliklarini so‘rab, kelajakda gumanitar sohani egallaydigan o‘quvchilarga fizika yoki kimyo fanlarini o‘qitish kerakligi, har bir inson qaysi kasbni tanlamasin, mavjud ilmiy paradigma asosida dunyo qanday tuzilganini bilishi shartligini ham qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid