11:09 / 04.01.2023
4107
XVJ O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishida qo‘llab-quvvatlaydi

Investitsiyalar vazirligida investitsiyalar vazirining o‘rinbosari, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar guruhi rahbari Badriddin Obidov Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) O‘zbekistondagi doimiy vakili Kevin Ross bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Suhbat chog‘ida JST bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya a’zolari, Muzokaralar guruhi va 10 ta alohida yo‘nalishlar bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatining joriy natijalariga, shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining muvofiqlashtiruvi ostida Tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan so‘ralgan barcha zarur hujjatlarni tayyorlash jarayonida ularning tezkor sa’y-harakatlariga alohida e’tibor qaratildi.

JSTga kirish jarayonida texnik yordam dasturlarini amalga oshirish doirasida donor davlatlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish muhimligi ta’kidlandi. Ular ishtirokida so‘nggi 3 yil davomida 250 dan ortiq trening va seminarlar tashkil etildi, Tashkilotga a’zo bo‘lishning iqtisodiyot turli tarmoqlariga ta’siri bo‘yicha tadqiqotlar olib borildi va boshqa tegishli tadbirlar amalga oshirildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha XVJ doimiy vakili O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yanada ilgari surish uchun har tomonlama yordam ko‘rsatishni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.

 

Mavzuga oid
Top