10:51 / 08.01.2023
10254

Buxoro maktablarida qishki ta’til davomida to‘garaklar o‘tkazilmaydigan bo‘ldi

Kun.uz’da anomal sovuqda ham Buxorodagi maktab o‘quvchilari to‘garaklarga jalb qilingani, qatnashuvchilarning surati XTB mutasaddilariga tashlab berilishi talab qilingani haqida xabar e’lon qilingandi.

«Uzaytirilgan qishki ta’til kunlari maktablarda o‘quvchilar ishtirokida to‘garaklar tashkil etilmaydi», deb ma’lum qildi Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi maqolaga munosabat bildirar ekan.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi (hozirgi Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi) munosabatiga ko‘ra, o‘tgan yilning 28 dekabridan shu yil 10 yanvargacha qishki ta’tilda maktablarda to‘garaklarning faoliyati yuqoridagi tartibda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bunda hech qanday majburiylikka yo‘l qo‘yilmagan.

«Aytish joizki, umumta’lim maktablari o‘quvchilarining ta’til davridagi bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida respublikamizdagi barcha maktablarda fan va sport to‘garaklari muntazam faoliyat yuritadi.

Odatda, maktablarda to‘garaklar faoliyatini ixtiyoriy tartibda yo‘lga qo‘yish belgilangan bo‘lib, o‘quvchilarga ta’til mobaynida o‘z qiziqishlari asosida shug‘ullanishlari uchun imkoniyat yaratiladi», deyiladi rasmiy izohda.

Boshqarma 17 yanvargacha uzaytirilgan qishki ta’tilda maktablarda o‘quvchilar ishtirokida to‘garaklar tashkil etilmasligini ma’lum qildi.

Xabarda o‘qituvchilardan hisobot uchun suratlar so‘ralgani, buni bajarmaganlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi qanday baholanishi haqida so‘z bormagan.

Top