18:50 / 10.01.2023
8863

Rossiyalik vrachlar Navalniyga zarur tibbiy yordam taqdim etish talabi bilan Putinga murojaat qilishdi

Foto: politics.com

Vrachlar siyosatchi Aleksey Navalniyni tahqirlashni bas qilish va unga zarur bo‘lgan tibbiy yordam ko‘rsatish talabi bilan Vladimir Putinga murojaat qilishdi. 27 nafar vrach imzolagan ochiq xat vrach Aleksandr Vanyukovning Facebook’dagi akkauntida e’lon qilindi.

«Aleksey Navalniyni saqlash sharoitlari va uning tashqi ko‘rinishi bizda uning sog‘lig‘i va hayoti borasida katta tashvish uyg‘otmoqda», — deb yozgan vrachlar. Jazoni ijro etish federal xizmati (FSIN) vakillarining zarur dori-darmonlarni Navalniyga yetkazishni rad etishi uning hayotiga tahdid solmoqda, deya ta’kidlashgan tibbiyotchilar.

«Tibbiy nuqtayi nazardan Aleksey zarur hajmda tibbiy yordam olmayotgani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi, uning jazo izolyatorida saqlanayotgani esa uning holatida mutlaqo mumkin emas.

Biz Aleksey Navalniyni tahqirlash bas qilinishini, Alekseyni jazo izolyatoriga jo‘natmaslikni, uning huzuriga fuqaro vrachlari kiritilishini, agar yetarli ko‘rsatmalar aniqlansa, uni to‘liq tekshirish va davolash uchun fuqarolik shifoxonasiga yotqizishga ruxsat berilishini talab qilamiz», — deyiladi murojaatda.

Xatga jami 170 nafar vrachning imzosi qo‘yilgan. Ushbu murojaatni qo‘llab-quvvatlashga tayyor vrachlar Vanyukovning posti ostida sharh qoldirishmoqda.

9 yanvar kuni Vladimir oblastining Melexovo posyolkasidagi №6-sonli tuzalish koloniyasida jazo o‘tayotgan Aleksey Navalniy yangi yil arafasida o‘ninchi marta jazo izolyatoriga jo‘natilgani ma’lum bo‘ldi. Siyosatchining advokati Vadim Kobzev Navalniy bemor ekanini aytgan. «Taassufki, bakteriologik qurol o‘z ishini berdi. Navalniy ayni paytda jazo izolyatori kamerasida yuqori harorat, yo‘tal va qaltiroq tutib yotibdi. Unga dori-darmon yetkazishga harakat qilmoqdamiz», — deb yozgan Kobzev.

Mavzuga oid
Top