Jahon | 15:49
716
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropa sudi Navalniy va FBKga nisbatan ta’qibni siyosiy deb topdi

Navalniyning hamkorlari uning vafotidan qariyb ikki yil o‘tib Yevropa sudidagi eng yirik ishda g‘alaba qozondi. Strasburgdagi sud 139 nafar arizachi da’vosi bo‘yicha Rossiyani Inson huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning qator moddalarini buzganlikda aybladi.

Foto: Reuters

Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniy koloniyada halok bo‘lganidan 22 oy o‘tib, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiya hokimiyati tomonidan unga nisbatan olib borilgan ta’qibni noqonuniy va siyosiy sabablar bilan asoslangan, deb topdi. Strasburgdagi sudyalar seshanba, 16 dekabr kuni bir ovozdan Rossiyani Navalniyga, u asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi (FBK)ga va ularning tarafdorlariga qarshi keng ko‘lamli repressiyalarda aybdor, deb topdi.

Yevropa sudi qarorda qayd etishicha, Rossiya hokimiyati tomonidan amalga oshirilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar Inson huquqlari va asosiy erkinliklar to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasining qator moddalarini buzgan. Xususan, qarorda shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi, fikr bildirish erkinligi va yig‘ilishlar erkinligi kabi huquqlar buzilgani ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, sud konvensiyaning siyosiy ta’qibni taqiqlovchi 18-moddasi buzilganini ham tan oldi.

Qaror 139 nafar arizachi — jismoniy va yuridik shaxslar — bergan shikoyatga taalluqli. Da’vogarlar orasida muxolifatchi siyosatchining bevasi Yuliya Navalnaya ham bo‘lib, u Navalniy nomidan sud jarayonini davom ettirgan.

Sud saytida e’lon qilingan qarorda aytilishicha, 2019 yildan boshlab arizachilar Rossiya hokimiyati tomonidan ma’muriy va moliyaviy ta’qiblar nishonga aylangan. Bu choralar ommaviy ravishda uy-joylar va ofislarni tintuv qilish, mol-mulkni musodara etish, bank hisoblarini muzlatish va yuqori lavozimli Rossiya mansabdorlarining ko‘plab korrupsiya holatlarini fosh qilgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi (FBK)ni “chet el agenti” deb e’lon qilishni o‘z ichiga olgan, deb qayd etdi sud.

Yevropa sudi Rossiya hokimiyati harakatlarini Navalniy atrofidagi uyushgan demokratik muxolifatni yo‘q qilishga qaratilgan, “misli ko‘rilmagan ko‘lamdagi maqsadli sa’y-harakatlar”ning bir qismi, deb atadi. Strasburg sudyalari fikricha, hokimiyatning pul yuvishga qarshi kurash yoki ekstremizmga qarshi kurash kabi rasmiy pozitsiyasi asossiz bo‘lgan va mustaqil siyosiy hamda fuqarolik tuzilmalarini yo‘q qilish uchun bahona sifatida xizmat qilgan.

Qarorga ko‘ra, Yevropa sudi da’vogarlarga, asosan nomoddiy (ma’naviy) zarar uchun, 5000 yevrodan 30 000 yevrogacha miqdorda kompensatsiya tayinladi. Biroq arizachilar bu pulni amalda olishi ehtimoli past, chunki Rossiya Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi qarorlarini tan olmaydi va Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin Yevropa Kengashi tarkibidan chiqib ketgan.

Yevropa sudi qarorini sharhlar ekan, Navalniyning hamkorlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinni “sudda yenggani”ni bildirdi. “Yevropa sudi bizning pozitsiyamizni to‘liq qo‘llab-quvvatladi va 2019 yildan beri Rossiya qonuniy siyosiy muxolifatga nisbatan tintuvlar, hisoblarni muzlatish, saylovlarda qatnashishni taqiqlash, ‘chet el agentlari’ va ‘ekstremistlar’ maqomlarini berish orqali siyosiy ta’qib olib borgani haqida qaror chiqardi”, — deb yozdi ular ijtimoiy tarmoqlarda.

Faollarning aytishicha, bu — Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi (FBK) Yevropa sudida yutib olgan eng yirik ish. Aleksey Navalniy 2024 yil 16 fevral kuni Qutb doirasi ortidagi koloniyada vafot etgan.

Mavzuga oid