10:42 / 16.01.2023
24064

Prezident energetika vaziri o‘rinbosarini ishdan oldi, boshqa mas’ullarga sinov muddati berildi

«Hududiy elektr tarmoqlari», «O‘ztransgaz» va «O‘zbekneftgaz» rahbarlari ham lavozimidan ozod etilib, ularga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Energiya resurslari ta’minoti yuzasidan yig‘ilishda prezident respublikaning qolgan hududlarida ham ahvol yomonligini tanqid qildi.

«Bugungi kunda barcha darajadagi rahbarlarning eng katta vazifasi – elektr va gaz tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlab berish. Lekin tegishli sohalar mutasaddilari buni uddalay olmayapti», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev lavozimidan ozod etildi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» rahbari Ulug‘bek Mustafoyev, «O‘ztransgaz» rahbari Behzod Normatov va «O‘zbekneftgaz» rahbari Mehriddin Abdullayev ham lavozimidan ozod etilib, ularga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilandi.

«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ raisi Farhod Abdurahmonov lavozimidan ozod etilgan.

«Agar tarmoq korxonalarining ayrim moliyaviy masalalari vaqtida yechib berilganda, daromadlarining bir qismi investitsiya qilinib, tarmoqlarni yangilashga yo‘naltirganda vaziyat bunchalik og‘ir bo‘lmas edi», deb ta’kidlandi yig‘ilishda.

Bu masalada ham mas’ullar e’tiborsizlik qilgani tanqid qilindi.

Endi butunlay boshqacha tizim bo‘lishi – strategik korxonalar Strategik islohotlar agentligiga o‘tkazilishi belgilandi.

Zangiota, Toshkent, Buloqboshi, Xo‘jaobod, Uchqo‘rg‘on, Koson, Karmana, Qamashi, Shofirkon, Xo‘jayli, Denov, Sharof Rashidov, Pastdarg‘om, Farg‘ona, Paxtabod, Hazorasp tumanlari hamda Samarqand, Namangan, Farg‘ona, Guliston, Chirchiq shaharlari hokimlari mas’uliyatni his qilmasdan, bir oy oldingi sovuq kunlardan hech qanday xulosa chiqarmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev qat’iy ogohlantirildi, Chirchiq shahar hokimiga «hayfsan» berildi.

Top