13:48 / 18.01.2023
22228

Navoiy shahar hokimligi mansabdorlariga 5 oy oldin jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘ldi

Hokimlik va shahardagi MChJlardan birining mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, “Ayollar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Foto: AP

Kun.uz ixtiyoriga 2022 yil 26 avgust kuni Navoiy shahar hokimligi hamda shahardagi “Sevdiyor Surayyo” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqidagi hujjat kelib tushdi. Unda hokimlik va MChJ mansabdorlari til biriktirib, budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlari haqida gap boradi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qarorda keltirilishicha, Navoiy shahar hokimligi hamda “Sevdiyor Surayyo” MChJ o‘rtasida 2022 yil 28 mart kuni har bir donasi 400 ming so‘m bo‘lgan 380 dona 11 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi sotib olish uchun shartnoma tuzilgan. Mazkur shartnomaga asosan “Ayollar daftari” jamg‘armasidan MChJ hisobraqamiga 152 mln so‘m mablag‘ to‘lab berilgan. Ammo hokimlik va MChJ mansabdor shaxslari oldindan o‘zaro til biriktirib, 380 dona oziq-ovqat jamlanmasi qabul qilib olingani haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirgan. Aslida esa haqiqatda 200 dona oziq-ovqat jamlanmasi qabul qilingan. Bu orqali 72 mln so‘m mablag‘ rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Shuningdek, hokimlik va mazkur MChJ o‘rtasida 2022 yil 30 aprel kuni hayit bayrami munosabati bilan har biri 488 ming so‘m bo‘lgan 450 dona 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Buning uchun “Ayollar daftari” jamg‘armasidan MChJ hisobraqamiga 219,9 mln so‘m mablag‘ to‘langan. Biroq “ishbilarmonlar” bu safar ham eski uslubni qo‘llashgan: aslida olinmagan 238 dona oziq-ovqat jamlanmasi uchun soxta hujjatlar rasmiylashtirilgan. Buning oqibatida 116,3 mln so‘m mablag‘ talon-toroj bo‘lgan.

Hokimlik va MChJ mansabdorlariga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi hali sudda ko‘rib chiqilmagan. 

Bu Navoiyda ehtiyojmandlarga atalgan yordamlarga ko‘z olaytirilgan ilk holat emas. Kun.uz oldinroq ushbu viloyatda ehtiyojmand oilalarga farzandlarining maktab formasi uchun ajratilgan pullarni “tuya” qilishga urinish bo‘lgani haqida yozgandi.   

Top