11:41 / 19.01.2023
6853

London Kiyevga yana 200 ta zirhli texnika yetkazib berilishini e’lon qildi

Avvalroq e’lon qilingan Challenger 2 tanklaridan tashqari, Buyuk Britaniya Ukrainaga yana 200 ta zirhli texnika yetkazib berish niyatida. Bu haqda Britaniya tashqi ishlar vaziri Jyeyms Kleverli Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

Challenger 2 / Foto: Getty Images

«Buyuk Britaniya Ukrainaga yordam berishda yanada keng ko‘lamli harakatlarni rejalashtiryapti va do‘stlarimizga Challenger 2 asosiy jangovar tanklari, og‘ir artilleriya hamda 200 dan ortiq boshqa zirhli texnikalarni yetkazib berishga qaror qildi», dedi Kleverli. 

Bundan tashqari, Kiyevga qo‘shimcha 100 ming artilleriya snaryadlari va o‘qotar qurollar uchun millionlab o‘q-dorilar beriladi.

20 yanvar kuni Germaniyaning Ramshtayn shahridagi AQSh harbiy bazasida G‘arb koalitsiyasi Ukrainaga keyingi harbiy yordam masalasini muhokama qiladi. 

Yig‘ilishda Germaniya Federativ Respublikasining yangi mudofaa vaziri Boris Pistorius ilk bor ishtirok etadi. Myunxen xavfsizlik konferensiyasi rahbari Kristof Xoysgen 18 yanvar kuni Reuters agentligiga bergan intervyusida Pistoriusni Germaniyaning Leopard 2 tanklarini Ukrainaga yetkazib berishga roziligini e’lon qilishga chaqirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Germaniya harakat qilishga tayyor bo‘lgan hamkorlar fikrini tinglashi va ular bilan «yagona ustunda» oldinga siljishi kerak». Xoysgen, shuningdek, Yevropa tashqi siyosat kengashining ushbu tanklarni Ukrainaga birgalikda yetkazib berish va ukrainalik harbiylarni ularni boshqarishga o‘rgatish bo‘yicha Yevropa konsorsiumini yaratish bo‘yicha taklifini to‘g‘ri deb atadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top