12:39 / 20.01.2023
20531

Nursulton Nazarboyev shifoxonaga tushdi. Uning yuragi operatsiya qilingan

Hozirda uning hayotiga xavf yo‘qligi aytilmoqda.

Foto: Aleksey Nikolskiy / TASS

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib «Xabar» telekanali sobiq rahbari Aleksandr Aksyutits va RIA Novosti xabar berdi.

Aksyutits 82 yoshli Nazarboyev Ostonadagi klinikalardan biriga kardiologik tekshiruv uchun olib borilganini aytgan. Rossiya agentligi esa aniqlik kiritib, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Milliy ilmiy kardiojarrohlik markazida ekanini xabar qilgan.

OAVda tarqalgan xabarlardan keyin Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukibay u shifoxonada ekanini tasdiqladi.

«Nursulton Nazarboyevning yuragida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Operatsiya muvaffaqiyatli kechdi. Birinchi prezidentning hayotiga xavf yo‘q. Hozir u kuzatuv ostida», — deb yozdi Aydos Ukibay tvitterida.

  • Nursulton Nazarboyev mustaqil Qozog‘istonning birinchi prezidenti bo‘lgan. U bu lavozimda 1991 yildan 2019 yilgacha o‘tirgan. Undan oldin Nazarboyev Qozog‘iston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi va Qozog‘iston SSR prezidenti bo‘lgan.
  • Prezidentlikdan ketgach ham Nazarboyev Qozog‘istonda katta ta’sir doirasini saqlab qolgandi. Ammo 2022 yil yanvaridagi namoyishlardan keyin u Xavfsizlik kengashi raisligidan va hukmron «Nur Otan» partiyasi rahbarligidan ketdi. Undan shuningdek yelbasi tutuli («millat yetakchisi») va faxriy senator maqomini olib qo‘yishdi.
  • Bundan tashqari, Qozog‘istonda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazildi, uning yakunlariga ko‘ra Nazarboyev va uning oila a’zolari qator imtiyozlardan mahrum bo‘lishdi.
Mavzuga oid
Top