18:12 / 23.01.2023
38338

Alisher Usmonov RSTI boshqaruvidan ketishi haqida ariza yozdi

Rossiyalik oligarx «pensiyaga chiqishi» munosabati bilan faol mehnat faoliyatini yakunlashini aytgan.

Foto: AP

Rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi (RSTI) boshqaruvi byurosi a’zoligidan chiqarib yuborishni so‘rab, ariza yozdi.

Usmonov «pensiyaga chiqqani va faol mehnat faoliyatini yakunlagani munosabati bilan» egallab turgan lavozimidan ozod etishni so‘ragan. Shu haqdagi arizani BRIEF kanali keltirdi.

Manba Usmonovning arizasiga izoh berar ekan, uning kelgusida «O‘zbekiston bilan shug‘ullanmoqchi» ekani haqida yozdi.

Rossiyalik diplomat va siyosatchi Sergey Markov so‘zlariga ko‘ra, «Usmonov Rossiyada qoladi, ammo sanksiyalardan O‘zbekiston orqali chiqib ketadi».

RBK xabariga ko‘ra, Usmonovning arizasi ko‘rib chiqiladigan hay’at byurosining yig‘ilishi 25 yanvarga belgilangan.

Alisher Usmonov nafaqaga chiqish rejalari haqida avvalroq ham ma’lum qilgandi. 2012 yilda u 6 oy ichida barcha aktivlarini yagona holdingga birlashtirib, biznesni bevosita boshqarishdan voz kechishini aytdi. Forbes jurnaliga bergan intervyusida u 63 yoshga borib, albatta nafaqaga chiqishini va xayriya bilan shug‘ullanishini ma’lum qildi. Hozir Usmonov 69 yoshda.

Alisher Usmonov USM guruhining asoschisi va yirik aksioneri hisoblanadi. Bu holding tarkibiga «Metalloinvest», «Udokanskaya med» va «Megafon» kompaniyalari kiradi. U Forbes talqini bo‘yicha rossiyalik eng boy milliarderlar ro‘yxatida yettinchi o‘rinda turadi. Jurnal uning boyligini 11,5 milliard dollarga baholagan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Alisher Usmonov boshqa ko‘plab rossiyalik tadbirkor va siyosatchilar singari AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa G‘arb davlatlarining sanksiyalariga duchor bo‘lgan.

Top