09:32 / 27.01.2023
4059

Toshkent va Samarqandda Pablo Pikasso asarlari ko‘rgazmasi tashkil etilishi kutilyapti

O‘zbekiston elchixonasida Ispaniyaning Hermitage Group sayyohlik kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Visente Kaseyro bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Visente Kaseyro mamlakat bo‘ylab safarlari chog‘ida turizm sohasida amalga oshirilayotgan jarayonlarga hamda xorijiy sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlarga guvoh bo‘lganini ma’lum qilar ekan, bu yo‘nalishda hamkorlik qilish istagi borligini aytdi. O‘tgan yil noyabr oyida tashkil etilgan “Xalqaro turizm haftaligi”da ishtirok etgani va ushbu tadbir doirasida Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari B.Ibragimov, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi direktori K.Oqilova va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hamkorlik masalalari muhokama qilinganini qayd etdi.

Foto: Dunyo AA

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda ispaniyalik buyuk rassom Pablo Pikasso qalamiga mansub ijod namunalari ko‘rgazmasini joriy yil O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlarida tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.

Ma’lumot tariqasida qayd etish joizki, Hermitage Group kompaniyasi turizm va mehmonxona biznesidagi PR va marketing yo‘nalishida ko‘p yillik tajribaga ega. Kompaniyaning asosiy vazifalari turizm mahsulotlarini, sayyohlik yo‘nalishlari, mehmonxonalar, aviatashuvchilar, viloyatlar, shaharlar va sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish va targ‘ib qilishdan iborat. Bugungi kunda kompaniya o‘z xizmatlarini Yevropa va MDH mamlakatlari bozorlarida taqdim etmoqda.

Top