11:22 / 27.01.2023
39865

«Ukrainaga bosqindan keyin u men uchun hech kim». Zelenskiy - Putin haqida

U hozirda Rossiyada qarorlarni kim qabul qilayotganidan bexabar ekanini ma’lum qildi va urush to‘xtashi shartini aytdi.

Foto: Sky News

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Rossiya prezidenti bilan uchrashuv qiziqtirmaydi. U Sky News bilan suhbatda Vladimir Putin Ukrainaga keng ko‘lamli bosqindan keyin uning uchun hech kimga aylanganini ta’kidladi.

«Bu men uchun qiziq emas. Uchrashish ham gaplashish ham qiziqtirmaydi. Chunki biz allaqachon Rossiyaning bosqinidan oldin „normand formati“da uchrashganmiz. Men bir gapni aytib, boshqacha ish qiladigan odamni ko‘rdim», — degan Zelenskiy muxbirning Putin bilan uchrashuv urushni to‘xtatishga qanchalik yordam berishi haqidagi savoliga javoban.

Ukrainlar yetakchisi yana bir bor Rossiyada qarorlarni kim qabul qilishini tushunmasligini qayd etgan. «U [Putin] men uchun kim? Keng ko‘lamli bosqindan keyin u men uchun hech kim», — deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Rossiya hududida jang qilishni istamasligini ta’kidlagan. «Men shunchaki ular [Rossiya] imkon qadar tezroq urushni to‘xtatib, bizning mamlakatimizni tark etishini istayman. Men shuni aniq ayta olamanki, agar ular bizning hududlarimizdan ketishsa, urush to‘xtaydi», — degan u.

Zelenskiy Rossiya kuchlari Ukraina sharqida olg‘a harakatlanayotganini tan olgan. Shu bilan birga RF qo‘shinlari ulkan yo‘qotishlarga uchrayotganini qayd etgan. «Bu shunchaki haddan tashqari katta raqamlar. Ular bunga tupurishgan. Ular shunchaki o‘z yo‘qotishlarini hisoblamaydi», — degan ukrainlar prezidenti.

U Rossiyaning bu urushdagi yo‘qotishlari Ukrainanikidan ancha ko‘p ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan «minglab harbiy xizmatchilar o‘lmoqda». U o‘zida Ukraina tomoni yo‘qotishlari to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘qligini bildirgan.

Zelenskiy Rossiya muzokaralarni istamasligi, bosqinga qadar ham shunday bo‘lganini aytadi: «Prezident Putin shunday qarorga kelgan. U muzokaralarni istamaydi, chunki u tinchlik bo‘lishini istamaydi».

«Ishonchim komilki, u katta urush olib bormoqda. U hozirda butun dunyo Ukrainaga yordam berayotgani haqida o‘ylamayapti. U shunday hisoblaydi: «Xo‘sh, hozir Ukrainada ishlar o‘xshamayapti, kutamiz. Dunyo birdam bo‘lib qola olmaydi, ular charchashadi va men yana olg‘a boramann». Ammo agar biz bardosh bera olmasak, Ukrainadan keyin boshqa mamlakatlarning navbati keladi», degan Ukraina yetakchisi.

Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov esa Ukraina prezidenti intervyusiga javoban, Zelenskiyning o‘zi «allaqachon prezident Putin uchun ehtimoliy raqib bo‘lishni to‘xtatgani» haqida aytdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top