14:36 / 31.01.2023
9704

A’zam Ikromov va Zohid Ziyoyev Statistika agentligi direktori o‘rinbosari etib tayinlandi

Prezident huzuridagi Statistika agentligi rahbariyatida yangi lavozim tayinlovlari amalga oshirildi.

A’zam Ikromov / Foto: Kun.uz

Prezident qarori bilan A’zam Ikromov va Zohid Ziyoyev Prezident huzuridagi Statistika agentligi direktorining o‘rinbosarlari etib tayinlandi.

A’zam Ikromov 1981 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. U 2017 yildan buyon Davlat statistika qo‘mitasi raisining iqtisodiy statistika bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Zohid Ziyoyev 1985 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Telekommunikatsiya texnologiyalari mutaxassisi, iqtisodchi. 2007 yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini, 2010 yil Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universitetini, 2018 yil O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. U 2019 yil may oyidan beri Davlat statistika qo‘mitasi raisining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan edi.

Avvalroq Davlat statistika qo‘mitasi Statistika agentligi sifatida qayta tashkil etilib, hukumat tarkibidan chiqarildi va prezident huzuriga o‘tkazilgandi.

Top