12:02 / 31.01.2023
7715

Korrupsiya - Kreml tashqi siyosatining quroli: Transparency International hisoboti

Transparency International xalqaro tashkiloti 2022 yil uchun hisobotida avtoritar rejimlar korrupsiyadan demokratik mamlakatlarga ta’sir o‘tkazish vositasi sifatida tobora ko‘proq foydalanmoqda, degan xulosaga keldi. 

Foto: Kun.uz

Transparency International xalqaro inson huquqlari tashkiloti o‘zining 2022 yilga mo‘ljallangan Korrupsiyani qabul qilish indeksida nisbatan yangi hodisaga – avtoritar mamlakatlar o‘zlarining strategik tashqi siyosat maqsadlariga erishish uchun korrupsiyadan foydalanishining kuchayishiga alohida e’tibor qaratdi

31 yanvarda e’lon qilingan indeks ekspertlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar asosida 180 ta davlatda korrupsiyani qabul qilish darajasini baholaydi. Ro‘yxatdagi tartib ballar soni bilan belgilanadi, bu yerda nol ball - korrupsiyaning maksimal ko‘rsatkichi, 100 ball - uning to‘liq yo‘qligi. 

Ro‘yxatda o‘tgan yillardagidek demokratik tuzilmalari, qonun ustuvorligi mustahkam davlatlar yetakchilik qilmoqda. 90 ball va birinchi o‘rinni Daniya, ikkinchi o‘rinni Finlandiya va Yangi Zelandiya, to‘rtinchi o‘rinni Norvegiya, beshinchi o‘rinni Singapur egalladi. Germaniya 9-o‘rinda. So‘rovda qatnashgan ekspertlar unga 79 ball, ya’ni 2021 yildagidan bitta kam ball qo‘ygan. 

Korrupsiyani qabul qilish indeksining quyi qismida qurolli mojarolar avj olgan va davlat tuzilmalari tanazzulga uchragan davlatlar – Liviya, Yaman, Suriya, Janubiy Sudan va Somali joylashgan. 

So‘nggi 10 yil ichida eng ko‘p ball yo‘qotgan davlatlar (minus 13 tadan) Turkiya va Vengriyadir. Transparency International holatni ushbu mamlakatlar hukumati tomonidan sud tizimi, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati tuzilmalarining mustaqilligini cheklash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar kontekstida ko‘rib chiqmoqda, bu esa huquq himoyachilari fikricha, korrupsiya va huquqbuzarliklarga qarshi kurashni qiyinlashtiradi. 

Barcha possovet mamlakatlari ichida eng yaxshi vaziyat Estoniyada, u 74 ball bilan Indeksda 14-o‘rinni egallagan. Ro‘yxatning birinchi qismida undan tashqari Litva va Latviya, shuningdek, Gruziya (56 ball va 41-o‘rin) joylashgan. 

Armaniston (63-o‘rin) o‘tgan yili 2021 yilga nisbatan uch ball kam, ammo 10 yil avvalgidan 12 ball ko‘p olgan. Belarusdagi vaziyat ham bir xil (91-o‘rin) - o‘tgan yilgidan yomonroq, lekin 2012 yilga qaraganda yaxshiroq. 

Ukraina (116-o‘rin) ham bir yil (plyus 1 ball), ham 10 yil ichidagi (plyus 7 ball) reytingini yaxshilagan. Rossiya deyarli o‘zgarishsiz qoldi. U Paragvay va Mali bilan 137-o‘rinni bo‘lishib, 10 yil oldingi kabi 28 ballga ega. Korrupsiya Tojikiston, Ozarboyjon va Turkmanistonda yanada keskinroq muammo sifatida qabul qilinyapti. 

Rossiya, shuningdek, Qatar va Marokash Transparency International hisobotida strategik tashqi siyosat maqsadlariga erishish uchun hukumati korrupsiyadan foydalanadigan davlatlar ekani qayd etilgan.

«Strategik korrupsiya turli shakllarda va barcha siyosiy darajalarda qo‘llaniladi, - deb tushuntirdi Transparency International tashkilotining Germaniya bo‘limi raisi Aleksandra Hersog. - Shu tariqa, demokratik jamiyatlarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorligini buzishga urinishlar qo‘llanilmoqda». 

2022 yil uchun hisobotga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy harakatlar sharoitida ushbu vositadan foydalanishda ayniqsa faol bo‘ldi. Germaniyada, xususan, u nemis rasmiylarining energetika siyosatiga ta’sir ko‘rsatish uchun federal va hududiy darajada keng tarmoqni yaratdi, deyiladi hujjatda. Huquq faollari «Rossiya Germaniyaning rus gaziga qaramligini oshirish uchun nemis siyosatchilari, menejyerlari va huquqshunoslaridan qanday foydalangani» haqida so‘z yurituvchi Correctiv nashri surishtiruviga ishora qilmoqda.

Bu boradagi eng yorqin misol, deb eslaydi Transparency International, Meklenburg-Old Pomeraniya federal yerida «Iqlim va ekologiyani himoya qilish» (Klima- und Umwelschutz MV) deb nomlangan soxta fondning tashkil etilishidir. Jamg‘arma «Gazprom»ning shu’ba korxonalaridan biri tomonidan moliyalashtirildi va uning maqsadi o‘ta bahsli «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri loyihasini amalga oshirishga ko‘maklashish hamda loyihani yetkazib beruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi firmalarni AQSh sanksiyalaridan himoya qilish edi. Meklenburg- Old Pomeraniya sobiq bosh vaziri Ervin Sellering soxta fond mojarosida ayblanuvchilardan biri bo‘ldi.

Aleksandra Hersog, shuningdek, Rossiyada Germaniyaning sobiq kansleri Gerhard Shryoderga berilgan pulli lavozimlar va o‘ng qanot populistik «Germaniya uchun muqobil» partiyasi siyosatchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlovni eslatib o‘tdi: «Shu tariqa, Rossiya rejimi Germaniyada qarorlar qabul qilinishiga ta’sir o‘tkaza oldi hamda o‘z energetika siyosati va geostrategik mavqeyini mustahkamladi».

Transparency International Ukrainadagi so‘nggi korrupsiya mojarolariga ham e’tibor qaratdi.

DW iltimosiga ko‘ra, Aleksandra Hersog ushbu mamlakatdagi vaziyatni quyidagicha izohladi: «2014 yildan beri Ukrainada korrupsiyaga qarshi bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda va bu Korrupsiyani qabul qilish indeksida o‘z aksini topmoqda. Biz yangi holatlar mavjudligini hisobga olamiz. Bu urushga qaramay, korrupsiyaga qarshi kurash institutlari ishlayotgani, faktlar o‘rganilayotganini anglatadi. Ammo hali qilinadigan ishlar ko‘pligi aniq. Yevropa Ittifoqi Kiyevdan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shimcha harakatlar va choralarni talab qilgani bejiz emas». 

Moliyaviy yordam haqida gap ketganda, albatta, korrupsiya xavfi ham ortadi, dedi u urushdan keyingi tiklanish uchun mablag‘lar, katta pullarni nazarda tutib.

Top