22:51 / 04.02.2023
83930

Nukus voqealari bo‘yicha sudlangan Po‘lat Shamshetov vafot etdi

U yurak xurujidan qazo qilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. 

Foto: Oliy sud axborot xizmati

Qoraqalpog‘iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limining sobiq boshlig‘i Po‘lat Shamshetov Nukus voqealari bo‘yicha hukm chiqarilgandan ko‘p o‘tmay vafot etdi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi. 

«Po‘lat Shamshetov Qoraqalpog‘istonning birinchi va yagona prezidenti Dauletbay Shamshetovning o‘g‘li, taxminan yurak xurujidan vafot etdi. U 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi», deyiladi xabarda. 

Po‘lat Shamshetov 45 yoshda edi. U o‘tgan yilning iyul oyida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealardan keyin hibsda saqlanayotgan edi. 

31 yanvar kuni Buxoro viloyati sudi hukmiga ko‘ra, Po‘lat Shamshetov Jinoyat Kodeksining 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga shu kodeksning 45-moddasi (Muayyan huquqdan mahrum qilish) va 57-moddasi qo‘llanib, mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida 3 yil davomida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. 

Manbalarga ko‘ra, dafn marosimi dushanba (6 fevral) kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. 

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Top