11:48 / 04.02.2023
10605

Planshetga “ko‘chgan” ko‘rik, o‘tish osonlashgan chegara va raqamlashayotgan tizim 

Joriy yilda yo‘lga qo‘yiladigan “Eksport uch qadamda” loyihasi bilan 9 bosqichli bojxona rasmiylashtiruvi 3 barobarga qisqartiriladi. Buning natijasida milliardlab mablag‘lar tadbirkorlarning cho‘ntagida qolishi kutilyapti.

Marrani katta olgan tadbirkor borki, mahsulotini jahon bozorida sotishni maqsad qiladi. Yaqin vaqtgacha eksportga tovar chiqarishdan avval mablag‘ning kelib tushishini talab etish, eksportdan tushgan valutani davlatga majburiy sotish, ruxsat berish tusidagi hujjatlarni olishda bir nechta vazirlik va idoralarda eshikma eshik yurish ortiqcha xarajatlarga olib kelardi. Qolaversa, mahsulot yuk mashinasiga ortilib, chegaradan chiqib ketguncha bo‘lgan jarayonda bir necha bosqich inson omili bilan amalga oshirilgani korrupsiya xavfini yuzaga keltirgan.

Keyingi yillarda bojxona tizimi butkul o‘zgardi, soha raqamlashtirildi. Buning natijasida eksport qilish jarayoni ham ancha soddalashdi. Avvallari qo‘l bilan bajarilgan aksariyat jarayonlar hozirda elektron ko‘rinishda amalga oshirilmoqda. Eksport-import jarayonida noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘ymagan, “o‘tmishi toza” bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘shimcha yengilliklar berilyapti: ularning tovarlari “Xavfni boshqarish tizimi” tomonidan “yashil” va “sariq” yo‘laklarga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, eksport bojxona yuk deklaratsiyalarini to‘ldirish to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilmoqda.

Korxonamizda mahalliy va xorijiy bozorlar uchun elektrod mahsulotlari ishlab chiqariladi. Xomashyoni import va mahsulotimizni eksport qilishda ham bojxonaga deklaratsiyalarni elektron shaklda topshiramiz. Ya’ni bojxona xodimlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilmaymiz. Oldin bu jarayon biroz ko‘p vaqt olgan. Ayniqsa, eksport mahsulotimizga sertifikat olishda ko‘p vaqt yo‘qotardik. Hozirda sertifikatlarni ham “Yagona darcha” axborot tizimi orqali olamiz. Bu biz uchun juda qulay”, — deydi “Monolith Asia” MChJ bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassisi Farangiz Qambarova.

Farangiz Qambarova

Mazkur korxona tomonidan 2022 yilda chet davlatga 238 partiyada elektrod mahsuloti ekport qilingan. Shundan 227 partiya yuk “yashil yo‘lak”ka yo‘naltirilgan. Bu korxona tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirishda bojxona organlari ishonchini oqlaganini bildiradi.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bosh inspektori Husan Tangriyevning ta’kidlashicha, endilikda eksport operatsiyalari 9 bosqichdan 3 bosqichga o‘tkaziladi: 

Mazkur korxona bugungi kunda bojxonada tadbirkorlar uchun, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun joriy qilinayotgan yengilliklar va qulayliklardan eng samarali foydalanib kelayotgan korxonalardan biri hisoblanadi. Korxona 2022 yilda qariyb 11 mln dollarlik 5 ming tonnaga yaqin mahsulot eksport qilgan. Va mana shu eksport jarayonida barcha yuklar soddalashtirilgan tartibda bojxona nazorati hamda rasmiylashtiruvdan o‘tkazilgan. Ya’ni bu korxonaning yuklari “Xavfni boshqarish tizimi”da asosan “yashil” va “sariq” yo‘laklarga tushgan. 

Bitta jihatga e’tibor qaratish kerak: hozirgi holatda eksport operatsiyalari 9 bosqichdan iborat bo‘lyapti. Endilikda bu 3 ta bosqichga o‘tadi. Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, ayniqsa eksportni endi boshlayotgan tadbirkorlar ko‘pincha bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishda mazkur turdagi xizmatni ko‘rsatadigan brokerlarga murojaat qilishadi. “Eksport uch qadamda” loyihasi ishga tushirilgach, deklaratsiyaning o‘zi avtomatik ravishda to‘ldiriladi. Tadbirkorlarning brokerlarga ajratayotgan mablag‘lari esa o‘zlariga qoladi”.

Husan Tangriyev

“Qizil yo‘lak”ka yo‘naltirilgan tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi. Oldin bu jarayonda ham korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan: xodim bojxona ko‘rigini amalga oshirgan, keyin bojxona postiga borib, ko‘rik natijalarini tegishli axborot tizimiga qo‘lda kiritgan. Bu vaqtda esa tadbirkor kutib turishga majbur bo‘lardi. Bugungi kunda har bir xodimga maxsus dastur o‘rnatilgan planshetlar tarqatilgan. Bojxona ko‘rigi xulosasi mazkur planshet yordamida joyida rasmiylashtirildi hamda barmoq izi bilan tasdiqlanadi. Oldin har bir bojxona ko‘rigiga 3 soat vaqt sarflangan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich uzog‘i bilan 1 soat 30 daqiqani tashkil qilmoqda.

 

2022 yil bojxona organlari tomonidan 220 mingdan ortiq eksport bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilgan. Ularning 124 mingdan ortig‘i broker xizmatidan foydalanilgan holda, qolganlari esa bevosita tadbirkorlarning o‘zlari tomonidan taqdim etilgan. Mazkur deklaratsiyalar asosidan eksportga yo‘naltirilgan tovarlarning 90 foizi soddalashtirilgan tartibda, ya’ni bojxona ko‘rigisiz, xavf darajasi past bo‘lgan eksport bojxona yuk deklaratsiyalarining 80 foizi esa mavjud axborot tizimlari orqali avtomatik, inson omilisiz rasmiylashtirilgan. Sodda qilib aytganda, ushbu jarayonlarda bojxona xodimi va tadbirkorning o‘zaro muloqotga kirishishiga yoki yuzma-yuz ko‘rishishiga umuman ehtiyoj tug‘ilmagan.

Bojxona yuk deklaratsiyalari elektron ko‘rinishda amalga oshirilgach, yuk mashinasi mahsulot ortilgan korxonadan to‘g‘ri chegara postiga boradi. Bugungi kunda bojxona chegara postlarida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Yallama” chegara bojxona posti to‘liq rekontruksiya qilinib, qulayliklar yaratilgan. Hozirda bu yerda avtotransport vositalarining chegara-bojxona postidan o‘tishga sarflaydigan vaqti 30 daqiqaga ham bormaydi. 5-6 yil avval bu raqam 65 daqiqani tashkil qilgan.

Bojxona tizimida bu kabi o‘zgarishlar davom ettirilmoqda. Joriy yilda “Eksport uch qadamda” loyihasi amalga oshiriladi va 9 ta bosqichli bojxona rasmiylashtiruvi 3 barobarga qisqartiriladi. Loyihaamaliyotga joriy etilgach tadbirkorlik sub’yektlarning bojxona brokerlariga sarflayotgan yillik 74-75 mlrd so‘mlik mablag‘lari o‘z cho‘ntagida qoladi.

Shuningdek, hozirda qog‘oz ko‘rinishida qo‘llanayotgan invoys va transport hujjatlari bevosita tizim orqali shakllantiriladi va to‘liq elektron ko‘rinishga o‘tadi. Buning natijada, rasmiylashtiruv vaqti ham 2 - 3 soatdan 5-10 daqiqagacha qisqaradi.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Top