11:51 / 04.02.2023
9506

Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya neft mahsulotlariga narx yuqori chegarasi to‘g‘risida kelishib oldi

Kelishilgan narx yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlar uchun bir barrel uchun 100 dollarni, arzonroq neft mahsulotlari uchun esa 45 dollarni tashkil etadi. Cheklov 5 fevraldan kuchga kiradi.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi davlatlari Yevrokomissiya tomonidan ilgari surilgan Rossiya neft mahsulotlari uchun cheklangan narxlarni belgilash taklifiga rozi bo‘ldi, deb xabar berdi Reuters 3 fevral, juma kuni Yevropa Ittifoqiga raislik qiluvchi Shvetsiya rasmiylariga tayanib.

Bryusselda vakillik qilgan diplomatlarga ko‘ra, dizel yonilg‘isi kabi yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlar uchun bir barrelga (159 litr) 100 dollar (taxminan 91 yevro) narx chegarasi kelishilgan. Germaniyaning Handelsblatt ishbilarmonlik gazetasiga ko‘ra, Yevropaga yetkazib berish uchun dizel yonilg‘isining bir barreli yaqinda xalqaro birjalarda taxminan 100-120 yevro ekvivalentida sotilgan. Arzonroq neft mahsulotlari, masalan, mazut uchun maksimal narx bir barrelga 45 dollarni tashkil qiladi. Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari avvalroq narxlarni yanada pasaytirishni talab qilishgan.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainadagi urushni moliyalashtirish manbalarini qisqartirishga umid qilayotgan cheklov 5 fevraldan kuchga kiradi. Avvalroq Yevropa Ittifoqi, "Katta yettilik" davlatlari va Avstraliya Rossiyadan xom neft yetkazib berish uchun barrelga 60 dollardan cheklov joriy qilgan edi.

2022 yil 27 dekabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb davlatlari tomonidan Rossiya nefti va neft mahsulotlariga narxlarning yuqori chegarasini joriy qilishiga javob choralari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, agar shartnomalarda to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita narxlarni cheklash mexanizmidan foydalanish nazarda tutilgan bo‘lsa, Rossiya nefti va neft mahsulotlarini xorijiy xaridorlarga yetkazib berish taqiqlanadi.

Farmonga muvofiq sotilishi taqiqlangan yetkazib berish jarayoni ayrim hollarda amalga oshirilishi mumkinligi alohida belgilab qo‘yilgan, ammo faqat Rossiya Federatsiyasi prezidentining maxsus qarori asosida. Farmon 2023 yil 1 fevraldan kuchga kirdi va 1 iyulgacha amal qiladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top