10:15 / 06.02.2023
8094

Eron sobiq bosh vaziri mamlakatda "tub o‘zgarishlar"ga chaqirdi

Erondagi norozilik namoyishlari fonida Mir Husayn Musaviy yangi konstitutsiya bo‘yicha «erkin va adolatli referendum» o‘tkazishni taklif qilmoqda. Mamlakatda Islom inqilobi kuni munosabati bilan keng qamrovli amnistiya e’lon qilindi.

Mir Husayn Musaviy / Foto: fars

Eronning eng muhim islohotchi siyosatchilaridan biri, sobiq bosh vazir Mir Husayn Musaviy Tehrondagi rahbariyatga qarshi bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlaridan so‘ng, «tub o‘zgarishlar»ga chaqirdi. 5 fevral, yakshanba kuni o‘z veb-saytida e’lon qilingan va mahalliy OAV tomonidan tarqatilgan bayonotida 81 yoshli siyosatchi «Eron va eronliklar tub o‘zgarishlarga muhtoj va bunga tayyor» deb yozadi.

Musaviyning aytishicha, kurd qiz Mahsa Aminiy 2022 yil sentabr oyi o‘rtalarida politsiya tomonidan hibsga olinganidan keyin yuz bergan o‘limi tufayli kelib chiqqan norozilik namoyishlari «bir-biriga bog‘liq inqirozlar»ga asoslangan. Bular «iqtisodiy, ekologik, ijtimoiy, qonuniy, madaniy va ommaviy axborot vositalari inqirozlari», deya ta’kidlaydi u. Taniqli islohotchi Eron hokimiyatining hozirgi «tuzilmasi»ni «noto‘g‘ri» deb hisoblaydi va ehtimoliy yangi konstitutsiya bo‘yicha «erkin va adolatli referendum» o‘tkazishni taklif qildi. 1979 yilgi islom inqilobida bo‘lgani kabi, xalq Eron uchun «erkinlik, adolat, demokratiya va taraqqiyot yo‘lini ochish uchun tubdan qayta ko‘rib chiqish huquqiga ega», dedi Musaviy.

81 yoshli siyosatchi Eronning birinchi oliy rahbari oyatulloh Ruhulloh Xomayniyning eng yaqin ishonchli kishilaridan biri edi. U 1981-1989 yillarda mamlakat hukumatini boshqargan. Mamlakat bosh vaziri lavozimi bekor qilinganidan keyin 20 yil davomida siyosatni tark etdi, biroq 2009 yilda qaytib keldi va saylovlarda konservativ siyosatchi Mahmud Ahmadinajodga qarshi kurashdi. Musaviy saylovda mag‘lub bo‘ldi, shundan so‘ng natijalar soxtalashtirilganini qayta-qayta ta’kidladi. AFP agentligiga ko‘ra, sobiq siyosatchi 12 yil davomida uy qamog‘ida bo‘lgan, biroq unga nisbatan rasmiy ayblovlar qo‘yilmagan.

Eronda 11 fevral, Islom inqilobi kuni, 1979 yilda shoh tuzumi ag‘darilganiga bag‘ishlangan davlat bayrami munosabati bilan mamlakat rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy «yaqinda sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha ayblangan yoki sudlangan ko‘p sonli shaxslarni afv etish va qamoq muddatini qisqartirishga rozi bo‘ldi», - deyiladi 4 fevral kuni Xomanaiyning veb-saytida e’lon qilingan bayonotda.

Josuslikda, xorijiy razvedka idoralari bilan aloqada, qotillikda va vandalizmda ayblangan shaxslar amnistiyaga tushmaydi. Qancha mahbus amnistiya qilinishi haqida ma’lumot berilmagan, ammo davlat matbuotiga ko‘ra, bu «o‘n minglab» bo‘lishi mumkin.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Mahsa Aminiy o‘limi bilan bog‘liq namoyishlar chog‘ida Eronda 15 mingga yaqin odam hibsga olingan. AFP agentligining rasmiy ma’lumotlarga asoslanib xabar berishicha, sud hokimiyati hozirgacha namoyishlar bilan bog‘liq 18 kishini o‘limga hukm qilgan. Xalqaro noroziliklarga qaramay, to‘rtta o‘lim hukmi allaqachon ijro etilgan.

Mavzuga oid
Top